Kafedra filialida navbatdagi amaliy mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini sug‘urta sohasiga keng joriy etish, sug‘urta sohalarini raqamlashtirish bugun davr talabi bo‘lib turibdi.
2023-yil 15-aprel kuni Soliqlar va sug‘urta fakultetining “Sug‘urta ishi” ta’lim yo‘nalishida o‘qiydigan 1-kurs, SS-73 va SS-20 guruhlari talabalari “Sug‘urta va pensiya ishi” kafedrasi dotsenti Sh.Zakirxodjaeva va kafedra katta o‘qituvchisi F.Hamraevalar hamrohligida “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasidagi kafedra filialida tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotda qatnashdilar.
Kompaniya menejeri K.Hikmatullaev talabalarga “Raqamlashtirish bu davr talabi” mavzusida qiziqarli taqdimot namoyish etdi. Taqdimot jarayonida e-polis tushunchasi, elektron polislarni sotish tartibi, onlayn sotuv jarayonlari yoritib berildi. Interfaol va savol-javob tarzida o‘tkazilgan ushbu amaliy mashg‘ulot talaba-yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
So‘nggi so‘z o‘rnida ta’kidlash kerakki, “Sug‘urta va pensiya ishi” kafedrasi 2023-yilda ta’lim sifatini oshirish hamda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar doirasida bundan keyin ham ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan tadbirlarni yuksak darajada tashkil etishda davom etadi.