Toshkent moliya institutining “Sugʻurta va pensiya ishi” kafedrasi filiali ochildi
Bugungi kunda Toshkent moliya institutida intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, ayni vaqtda fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish boʻyicha ham harakatlarni boshlab yuborgan.
Xususan, joriy yilning 3-dekabr kuni “Oʻzbekinvest” EISK AJda Toshkent moliya institutining “Sugʻurta va pensiya ishi” kafedrasining filiali ochildi.
Ochilish marosimida “Oʻzbekinvest” EISK AJ Bosh direktori R.Azimov, Toshkent moliya instituti rektori T.Teshabayev, aksiyadorlik jamiyati xodimlari, institut professor-oʻqituvchilari, talabalar va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Kafedra filialini ochishdan maqsad – ishlab chiqarish korxonalarida fan, taʼlim va ishlab chiqarishning integratsiyasini kuchaytirish, talabalar nafaqat nazariy bilimlarni, balki amaliy koʻnikmalarga ham ega boʻlish, xalqaro standartlarga mos zamonaviy sugʻurtalash jarayonlaridagi bilimlarni chuqur egallash hisoblanadi.
Taʼkidlash joizki, “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” hamda Prezidentimiz ishtirokida 2021-yil 16-iyunda boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida ishlab chiqarish korxonalarida fan, taʼlim va ishlab chiqarishning integratsiyasini kuchaytirish, mutaxassislik kafedralari filiallari faoliyatini tashkil etish vazifalari belgilab berilgan edi.