“Mamlakatda investitsiya muhitini yana-da yaxshilash va uning jozibadorligini oshirish” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi
Yangi Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti investitsiyalarga, shu jumladan, xorijiy sarmoyalarga bevosita bogʻliqdir. Shu munosabat bilan jadal iqtisodiy islohotlar sharoitida mamlakatda qulay va jozibador boʻlgan investitsiyaviy muhitni yaratish, hududlarning investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlarini oshirish, investitsiya faoliyatini barqaror rivojlantirish uchun zarur ijtimoiy, moliyaviy-iqtisodiy hamda huquqiy shart-sharoitlarni shakllantirish, respublikaga jalb qilinayotgan investitsiyalarning koʻlamini oshirish, mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash va uning jozibadorligini oshirish borasidagi muammolarni bartaraf etish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
“Mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash va uning jozibadorligini oshirish” mavzusida respublika miqyosida ilmiy-amaliy anjumanni tashkil etishdan asosiy maqsad Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-oktyabrdagi PF-6097-son “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” va 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son “Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillardagi Taraqqiyot Strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonlari doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Anjumanda soha mutaxassislari, professor-oʻqituvchilar, doktorantlar va tadqiqotchilar, iqtidorli talaba va magistrantlar qatnashdi.
Anjumanni oʻtkazishdan asosiy maqsad yetakchi iqtisodchi-olimlar va soha mutaxassislari ishtirokida mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash va uning jozibadorligini oshirish boʻyicha mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgan.
Anjumanda quyidagi yoʻnalishlarda maʼruzalar qilindi:
1. Iqtisodiy taraqqiyotga erishishda investitsiyalardan samarali foydalanish;
2. “Yashil iqtisodiyotga” investitsiyalarni jalb qilishni faollashtirish;
3. Mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash va iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish;
4. Investitsiya faoliyatini moliyalashtirishni takomillashtirish;
5. Investitsion faoliyatni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning moliya-kredit mexanizmini takomillashtirish.
Mazkur anjumanda xorijiy va mahalliy investorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar tahlili, hududlarda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari samaradorligiga taʼsir qiluvchi omillar, investitsiya qonunchiligining bugungi holati, investitsiya faoliyatini moliyalashtirishni takomilashtirish orqali korxonalarning iqtisodiy salohiyatini oshirish kabi muammolarning ilmiy-amaliy yechimlari koʻrsatib berilishi koʻzda tutilgan.
Anjuman yakunida qabul qilingan qarorlar iqtisodiy taraqqiyotga erishishda investitsiyalardan samarali foydalanish, mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash va uning jozibadorligini oshirish, “Yashil iqtisodiyotga” investitsiyalarni jalb qilishni faollashtirish, mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash va iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, investitsiya faoliyatini moliyalashtirish va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni takomillashtirishga xizmat qiladi.