Xalqaro konferensiyada hayot sug‘urtasining dolzarb yo‘nalishlari muhokama etildi
2023-yil 3-noyabr kuni institutda "O‘zbekistonda hayot sug‘urtasining salohiyatini oshirish va rivojlantirish yo‘nalishlari" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya “Sug‘urta va pensiya ishi” kafedrasining tashabbusi bilan respublikamizning hayotni sug‘urtalashga ixtisoslashgan yetakchi sug‘urta kompaniyalari hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiyani kirish so‘zi bilan ochar ekan, institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori N.Oblomurodov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi va 2023- yil 11-sentabrdagi PF-158-son “O‘zbekiston - 2030 strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonlarida moliya-bank sektorini, shu jumladan, sug‘urta sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor berilganligini ta’kidladi.
Konferensiya ishida hayotni sug‘urta qilish sohasini raqamlashtirish, yaqin va uzoq xorijiy mamlakatlarda hayot sug‘urtasining iqtisodiyotdagi o‘rni, sug‘urta sohasida firibgarlikni oldini olish, jamg‘arib boriladigan hayot sug‘urtasini amalga oshirishdagi muammolar va ularni yechimi yuzasidan bildirilgan fikrlar muhokama maydonida bo‘ldi.
Konferensiyada Rossiya Federatsiyasining yetakchi universitetlari, xususan, Sankt-Peterburg davlat universiteti dotsenti Ye.V.Sokolovskaya va Sibir Federal universiteti dotsenti S.B.Globa ma’ruza bilan ishtirok etdi hamda hayot sug‘urtasini rivojlantirish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalarni konferensiya ishtirokchilari e’tiboriga havola etdi.
O‘zbekistonda hayot sug‘urtasining bugungi ahvoli va muammolari “ALFA LIFE INSURANCE” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori N.Yakubova, “APEX LIFE” sug‘urta kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori o‘rinbosari B.Abirkulov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori Q.Qo‘ldashev, Toshkent moliya instituti professori O.Yo‘ldashev ma’ruzalarida o‘z aksini topdi.
Konferensiyada Soliq va sug‘urta fakulteti dekani L.Zoyirov, dekan o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar hamda 150 nafardan ortiq talaba-yoshlar qatnashdi.
Konferensiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.