Toshkent moliya instituti va BMT Taraqqiyot Dasturi: hamkorlik istiqbollari belgilab olindi

Toshkent moliya instituti va BMT Taraqqiyot Dasturi: hamkorlik istiqbollari belgilab olindi

2023-yil 25-iyul kuni institutda BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) loyihasi doirasida Oʻzbekistonga tashrif buyurgan Milliman global kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

 

 

 

Xalqaro aloqalar boʻyicha prorektor A.Islamkulov uchrashuvni kirish soʻzi bilan ochar ekan, BMTTDning “Sugʻurta va risklarni moliyalashtirishni takomillashtirish” loyihasi koordinatori O.Gʻaybullayev, BMTTD-Milliman “Global aktuar tashabbusi” dasturi menejeri Ong Si, Milliman kompaniyasining AQSHdagi ofisi bosh direktori Meridet Randles va AQSH sugʻurta bozori eksperti Edvard Moskovskini institutga tashrifi bilan samimiy qutladi.

 


 

Tadbirda Oʻzbekistonda sugʻurta sohasida aktuariylar faoliyati, aktuariylar tayyorlashning zamonaviy holati, Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Oʻzbekiston Milliy universitetining “Sugʻurta ishi” taʼlim yoʻnalishida oʻqiyotgan talabalarga aktuar hisob-kitoblar boʻyicha dars mashgʻulotlarining olib borilayotganligi masalalari muhokama qilindi.

 

Milliman global kompaniyasi mahalliy ekspertlarning aktuar salohiyati va tajribasini oshirish, sugʻurta sohasidagi maʼlumotlar bazasini kengaytirish, iqlim oʻzgarishlariga bogʻliq risklarni boshqarishga moslashish boʻyicha ehtiyojlarni baholash va ushbu yoʻnalishda Oʻzbekistonga koʻmak koʻrsatishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

 

 

Uchrashuvda Toshkent moliya instituti vakillari bilan bir qatorda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Oʻzbekiston Milliy universitetining vakillari ham ishtirok etdilar hamda mamlakatda aktuar taʼlimni rivojlantirish borasidagi kelgusidagi imkoniyatlar muhokama markazida boʻldi.

 

Tadbir yakunida BMTDD loyihasi rahbari O.Gʻaybullayev samimiy qabul uchun Toshkent moliya instituti rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi va 2023-yil 31-iyul kuni “Hilton Tashkent City” mehmonxonasining konferensiyalar zalida Milliman kompaniyasi vakillari ishtirokida boʻlib oʻtadigan davra suhbatiga taklif etdi.

19:43 / 2023-07-25
Success helper
Success warning