“Moliyaning milliy va xalqaro dolzarb masalalari”
2021-yil 20-may kuni Toshkent moliya instituti tomonidan “Moliya” kafedrasi tashabbusiga koʼra «Zamonaviy moliyaning milliy va xalqaro dolzarb masalalari» mavzusidagi xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy anjuman oʼtkazildi. Mazkur anjuman Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-martdagi 78-F-sonli Farmoyishi bilan tasdiqlangan “Oʼzbekiston Respublikasida 2021-yilda xalqaro va respublika miqyosida oʼtkaziladigan ilmiy va ilmiy-texnik anjumanlar rejasi”ga muvofiq, epidemiologik vaziyatni hisobga ogan holda, onlayn ravishda tashkil etildi.
Аnjumanda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Oʼzbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va tarmoq idoralarining vakillari, sohaning yetakchi olimlari, mamlakatimiz hamda xorijiy nufuzli oliy taʼlim muassasalarining professor-oʼqituvchilari, shuningdek bir qator amaliyotchi mutaxassislar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar hamda Toshkent moliya instituti olimlari oʼz ilmiy maʼruzalari bilan ishtirok etdilar.
Аnjuman dasturiga muvofiq maʼruzalar asosan moliya nazariyalariga oid zamonaviy kontseptsiyalar va yangi qarashlar, mamlakatimiz va xalqaro darajada bugungi kunda byudjet-soliq siyosatining asosiy yoʼnalishlari, davlat qarzlarini optimallashtirish va samarali boshqarish, davlat xaridlari sohasidagi xozirgi sharoitda yuzaga kelayotgan muammo va ularning yechimlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, milliy va xalqaro jihatdan muqobil moliyalashtirish tizimini rivojlantirish kabi masalalarga qaratildi.
Аnjumanni Respublikamizning turli hududlaridan turib yuzlab ishtirokchilar onlayn tizimga ulangan holda kuzatib bordilar hamda muhokamalarda faol qatnashdilar. Jonli ravishda oʼtkazilgan savol-javoblar, baxs-munozaralar asosida anjuman asosiy yoʼnalishlari boʼyicha ilmiy xulosalar shakllantirildi. Аnjuman yakunida mavzuga oid muhim yangi ilmiy maʼlumotlar olinganligi alohida qayd etildi.