Moliyaviy tushunchalar - chizmalarda
Mutaxassislik fanlaridan amaliy mashg’ulotlarda ta’limning interfaol usullarini qo’llash talabalarda zarur nazariy bilimlarni mustahkamlash va amaliy ko’nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Bu borada “Moliya” kafedrasi o`qituvchisi SH.X.Sunatullayeva tomonidan o’tgan bir hafta davomida Iqtisodiyot fakulteti 4-kurs, Moliya fakulteti “Moliya” yo’nalishi 2-kurs, Soliqlar va sug`urta fakulteti 2-kurs akademguruhlarida “Moliya” fanidan asosiy tushunchalarning mazmuni, ichki xususiyati va o’zaro bog’likligini chizmalarda aks ettirish bo’yicha “Moliyaviy tushunchalar - chizmalarda” mavzusida tanlov o’tkazildi.
Talabalar bu vazifani katta qiziqish bilan bajaribgina qolmay, o’z loyihalarini himoya qilish barobarida, jarayonda shakllangan bilim va ko’nikmalarini original tarzda rasm va chizmalarda namoyish qildilar.
Talabalarning eng yaxshi ijodiy ishlarini tanlab olishda Moliya kafedrasi professor-o`qituvchilari B.Nurmuhamedova, Sh.Xamdamov va M.Po`latovalar ishtirok etdilar.
Hafta yakuni bo’yicha joriy yil 9-mart kuni g’olib bo’lgan SS-81 guruh talabalariga esdalik sovg’alarini topshirishda Shahnoza Sunatullaeva hamda Soliqlar va sug`urta fakulteti dekani Laziz Zoyirov ishtirok etdilar va faol talabalar taqdirlandilar.