Moliya fakultetida “Ota–onalar kuni” tadbiri
Toshkent moliya instituti Moliya fakultetida 2019-yil 14-oktyabr kuni “Ota–onalar kuni” tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda institut rektori U.Azizov, Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor F.Muxamedov, fakultet dekani D.Rustamov, Ustoz va murabbiylar kengashi raisi U.Radjabov, fakultet dekani o‘rinbosarlari va O‘zbek milliy akademik drama teart aktrisasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sh.Ismoilova hamda fakultet talabalarining ota-onalari ishtirok etishdi. Tadbirni institut rektori U.Azizov ochib, ota-onalarga institutda talabalarga yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar, ichki tartib-intizom borasida ma’lumot berdi. So‘ng fakultet dekani D.Rustamov so‘zga chiqib, fakultetning tashkil topish tarixi va erishilgan yutuqlar hamda muammolar borasida taqdimot qildi. “Davlatiy moliya” kafedrasi mudiri, iqtisod fanlari doktori, professor T.Malikov ota-onalarni farzandlari talaba bo‘lganligi bilan tabrikladi. Ota-onalarga eng avvalo farzandlarini kitob o‘qishlariga katta e’tibor bilan qarashlarini, bu masala davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligini aytib o‘tdi. Shuningdek, tadbirga tashrif buyurgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shohida Ismoilova so‘zga chiqib, avvalo farzandlari talaba bo‘lganliklari bilan ota-onalarni tabrikladi. Farzandlari tarbiyasiga juda katta e’tibor berishlari kerakligina ta’kidladi. Institutning “Murabbiylar kengashi” raisi U.Radjabov so‘zga chiqib, institutda tashkil etilgan har bir guruhga guruh murabbiyi tayinlaganligi va bu murabbiylar talabalarning yashash sharoitlarini o‘rganib chiqqanliklarini ma’lum qildi. Ota-onalar doimiy ravishda guruh murabbiylari bilan a’loqada bo‘lib turishlari kerakligini, farzandlari tartib intizomini nazorat qilishlarini ta’kidladi. Tadbirda eng namunali, iqtidorli talabalarning ota-onalari institut rektorining “Tashakkurnoma”lari bilan taqdirlandilar. Tadbir yakunida ota-onalar so‘zga chiqib, institut va fakultet rahbariyatiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar. |