Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yillik bayrami munosabati bilan Toshkent Moliya instituti rektorining bayram tabrigi
Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!
Muhtaram ustozlar, institutimiz xodimlari!
Aziz talabalar-yoshlar!
Fuqarolar huquq va erkinliklarining himoyachisi, taʼlim, fan, madaniyat hamda maʼnaviyat rivojida muhim huquqiy asos bo‘lgan Bosh Qomusimiz — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yillik bayrami munosabati bilan, Siz, azizlarni va Siz orqali barcha vatandoshlarimizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Darhaqiqat, har bir mamlakatning Konstitutsiyasi ayni shu davlatning dunyoda borligini, qolaversa, huquqiy asos bilan tashkil etilganligini akslantiruvchi dalolatnomadir. Mustaqilligimiz qomusi – Konstitutsiyamiz xalqimiz ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-iqtisodiy hayotida katta ahamiyatga egadir. Bu qomusiy hujjatning xalqchilligi shundaki, unda milliy urf-odatlarimiz, anʼanalarimiz, eʼtiqodimiz, umuman, milliy qadriyatlarimiz himoyasi va ravnaqi aniq belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan barcha millat va elatlarning tili, urf-odatlari, milliy anʼanalarini hurmat qilish kafolatlangan.
Shuningdek, Konstitutsiyamizning 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga ega ekanligi, bepul umumiy taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanishi, maktab ishlari davlat nazoratida ekanligi qatʼiy belgilab qo‘yilgan.
Albatta, bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan zamonamizda davlat taraqqiyotini taʼlim va tarbiyasiz tasavvur etib bo‘lmaydi. So‘ngi yillarda mamlakatimizda taʼlim tizimiga juda katta eʼtibor qaratilmoqda. Birgina oliy taʼlim tizimida keng islohotlar olib borilmoqda. Misol sifatida oxirgi yillarda yurtimizdagi OTMlar soni keskin oshirildi. Ko‘plab xorijiy nufuzli universitetlarning qo‘shma taʼlim dasturlari, filiallari tashkil etilmoqda. Bunday jarayon, albatta, taʼlim sifati va taraqqiyotiga katta taʼsir ko‘rsatadi.
Xususan, Toshkent moliya instituti ham mamlakatimiz va xorijga sifatli va bugungi mehnat bozoriga raqobatbardosh, kreativ, zamonaviy fikrlaydigan malakali kadrlar yetishtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Bu borada institutda aniq belgilab olingan amaliy ishlar qilinmoqda. Buning natijasi o‘laroq joriy yil Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan eʼlon qilingan oliy taʼlim muassasalarining milliy reytingida Toshkent moliya instituti faxrli 5-o‘rinni egalladi. Shuningdek, Oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyati reytingida faxrli 1-o‘rinni qayd etdi. Institutimiz nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy reytinglarda ham ilg‘or o‘rinlarni egallashni o‘z oldiga ulkan maqsad qilib qo‘yganligini ham alohida qayt etib o‘tishimiz lozimdir. Xususan, Buyuk Britaniyaning nufuzli reyting agentligi — Times Higher Education tomonidan ilk bor yangi turdagi reporter maqomiga (reporter — mazkur maqom reytingga kirish uchun faol ishlari bilan Times Higher Education reyting agentligini eʼtirofiga sazovor bo‘lgan oliy o‘quv yurtlariga beriladi) ega bo‘lgan 450 ta oliy taʼlim muassasalari orasidan joy oldi.
Bunday yuksak natijalarga erishishimizda, albatta, institutimizda faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilarning, xodimlarining mehnatlarini alohida eʼtirof etmaslikning iloji yo‘q. Bir so‘z bilan aytganda, Bosh Qomusimiz mamlakatimiz taraqqiyoti, jamiyatimizning ravnaqi, taʼlim rivoji, fuqarolarimizning tinch va osuda hayot kechirishlarining kafolatidir.
Aziz vatandoshlar!
Fursatdan foydalanib yana bir bor O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yillik bayrami munosabati bilan barchangizni chin qalbimdan tabriklayman!