Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 32 yilligi munosabati bilan Toshkent moliya instituti rektorining bayram tabrigi

Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 32 yilligi munosabati bilan Toshkent moliya instituti rektorining bayram tabrigi

Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!
 

Muhtaram ustozlar!
 

Aziz talabalar!
 

Millatimiz ruhi, milliy gʻururimiz –  oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz ikki yilligi, “21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami” munosabati bilan institutimiz professor-o‘qituvchilarini, xodimlarini, talaba-yoshlarimizni va barcha yurtdoshlarimizni chin qalbimdan tabriklayman.
 

Bugungi kunda jonajon Oʻzbekistonimiz har sohada dunyoning tez suratlar bilan rivojlanayotgan mamlakatlari reytinglarida yuqori oʻrinlarni qayd etmoqda. Bunga, albatta, olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, amaliy natijalar sabab boʻlmoqda desak mubolagʻa boʻlmaydi. Milliy til esa, mamlakat taraqqiyoti, jamiyat rivojida katta oʻrin egallaydi. Har bir xalq, elatni milliy tilsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Chunki, milliy tilda millat ruhi, uning boy tarixiy qiyofasi, milliy qadriyatlar, sobit eʼtiqodlar aks etgan boʻladi. Shu boisdan ona tilini asrab-avaylash, uning mavqeini yanada mustahkamlash, rivojlantirish mamlakat taraqqiyotning muhim omili sifatida qaraladi.
 

Soʻnggi yillarda yurtimizda davlat tiliga boʻlgan eʼtibor har qachongidanda kuchaydi. Xususan, muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni buning yorqin dalilidir. Farmonga binoan 21-oktyabr yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni”, deb eʼlon qilindi. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tuzilmasining tashkil etilgani oʻzbek tilining nufuzini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi, sohaga oid muammolarni tahlil etib, bu borada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash uchun xizmat qilmoqda.


Bugun ona tilimizni ulugʻlash, uning boy xazinasi, tarovati va nafosatini yosh avlodga yetkazish maqsadida yurtimizda atoqli shoir va adiblarimiz nomlaridagi ijod maktablari, muzeylari tashkil etildi. Xususan, institutimizda ham oʻzining oʻlmas va betakror asarlari bilan ona tilimizning keng imkoniyatlarini ochib bergan atoqli adibimiz Abdulla Qahhor muzeyi ochildi. Taʼkidlash joizki, buyuk adibimizning ona tilimiz – oʻzbek tilida zargarlik bilan yaratilgan har bir asarida boqiy haqiqat muhri va shukuhi bor. Ona tilimizda yaratilgan bunday boy merosni asrab avaylash, uni kelajak avlodga yetkazish barchamiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
 

Zero, Ona tilimiz – millatimizning ruhi, tariximizning koʻzgusi, milliy maʼnaviyatimizning asosidir. Shunday ekan, ona tilimizni eʼzozlash, munosib hurmat hamda ehtirom koʻrsatish barchamizning muqaddas burchimiz va majburiyatimizdir!
 

Aziz vatandoshlar!
 

Fursatdan foydalanib, yana bir bor barchangizni ulugʻ bayram bilan samimiy tabriklayman!
 

22:04 / 2021-10-20
Success helper
Success warning