RIXSIXONIM IBROHIMOVANING TOSHKENT MOLIYA INSTITUTIGA TASHRIFI

RIXSIXONIM IBROHIMOVANING TOSHKENT MOLIYA INSTITUTIGA TASHRIFI

    Toshkent moliya institutining Talabalar turar joylari ham tobora ko’proq ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat va tarbiya o’chog’iga aylanib bormoqda. Ayrim rahbarlar TTJdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni “qo’l uchida”, “nomiga”, “xo’ja ko’rsinga” o’tkazilishi haqida tanqidiy fikrlar bildirishgan edi. Shu fikrlarni bildirgan mutasaddilar 2019-yil 11-oktyabrda 3-sonli Talabalar turar joyida bo’lib o’tgan tadbirni kelib bir ko’rishsa, fikrlari ijobiy tomonga o’zgargan bo’lardi.

    Shu sana 2012-yil 11-oktyabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan  dunyodagi barcha qizlarning kamsitilishiga qarshi kurashish, ularning turli ijtimoiy muammolariga butun dunyoning e’tiborini qaratish, qizlarning huquqlarini himoya qilish va imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida “Xalqaro qizlar kuni” sifatida qabul qilingandan buyon dunyo mamlakatlarida keng nishonlanadi.

    Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan institutning Iqtisodiyot fakulteti hamda fakultet Xotin-qizlar boshlang’ich tashkiloti faollari 3-sonli TTJga iste’dodli teatr aktrisasi, O’zbekiston xalq artisti, “Mehnat shuhrati” va “El-yurt hurmati” ordenlari sohibasi Rixsixonim Ibrohimovani taklif qildilar va “Qizlar tarbiyasida san’atning o’rni” deb nomlangan davra suhbati uyushtirdilar.

    O’zining mo’tabar yoshiga, sog’lig’idagi biroz o’zgarishlar bo’lganiga qaramay, Rixsixon aya tashkilotchilarning takliflariga rozilik bildirib, 2 soatdan ortiq vaqt davomida talaba-qizlar bilan dildan suhbat qurdilar, teatr san’ati va undagi muammolar, san’atkorlarning hayoti va ijodi, yosh avlodning tarbiyasida, ma’naviyatining shakllanishida adabiyot va san’atning, ayniqsa teatrning tutgan o’rni haqidagi fikr-mulohazalari bilan o’rtoqlashdilar, o’z repertuarlaridan namunalar ijro qilib berdilar. Ayaning ijrosidan ta’sirlangan talaba-qizlar ham o’zbek shoirlaridan Cho’lpon, Zulfiyaxonim, Abdulla Oripovning ijodlariga mansub she’rlarini alohida joziba va ehtiros bilan o’qib berdilar. Ularning bu ijrolaridan mehmon san’atkor juda mamnun bo’ldi va TTJning “Tashriflar kitobi”da dastxat qoldirayotib, “Moliya instituti talaba-qizlarining bilimi va iste’dodi meni lol qoldirdi, men bu tadbirda institut ustozlarining tinimsiz mehnatlarining samarasini ko’rdim, hammalariga omad tilayman!” deb yozib qo’ydi.

    Ma’naviy madaniyati yetuk, dramatik obrazlarni qiyomiga yetkazib katta joziba bilan o’ynaydigan, qamrovi katta, el-yurt ichida alohida hurmatga sazovor bo’lgan aktrisaning Talabalar turar joyiga tashrif buyurganidan xabar topgan “Buxgalteriya hisobi” kafedrasi mudiri, iqtisod fanlari doktori professor Karimov Akrom Abbosovich kafedraning bir guruh professor-o’qituvchilari bilan kelib, Rixsixon ayaning o’zlari va san’atlariga cheksiz hurmat va ehtiromlarining ifodasi sifatida ko’rkam guldasta taqdim etdilar hamda san’atkorga va talaba-qizlarga chiroyli tilaklar bildirib qaytdilar.

   Davra suhbatini institut Xotin-qizlar kengashi raisi B.Nurmuxamedova olib bordi. Shuningdek, tadbirda Iqtisodiyot va Bank ishi fakultetlari Xotin-qizlar boshlang’ich tashkilotlari raislari va faol ayollari D.Xudoyberdieva, Z.Xudoyberganova, U.Ganieva, TTJda istiqomat qiluvchi talaba-qizlar ishtirok etdilar.

 

17:21 / 2019-10-16
Success helper
Success warning