Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan Toshkent moliya instituti rektorining bayram tabrigi

Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan Toshkent moliya instituti rektorining bayram tabrigi

Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!

Muhtaram ustozlar, institutimiz xodimlari!

Aziz talaba-yoshlar!

 

Avvalo, institutimiz professor-o‘qituvchilarini, xodimlarini va ertamiz umidi bo‘lgan talaba-yoshlarimizni o‘zbek milliy urf-odatlari, qadr-qimmat, mehr-muruvvat va anʼanalar timsoli, yangi kun, uyg‘onish va yangilanish, yangi nafas bayrami – Navro‘z ayyomi munosabati bilan shaxsan o‘zim va institut rahbariyati nomidan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

 

Taʼkidlash joizki, ushbu qadimiy bayramning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan yasharish va yangilanish, yaxshilik va bag‘rikenglik, tabiatni asrab-avaylab, doimo u bilan uyg‘un bo‘lib yashash kabi o‘lmas g‘oyalar bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy maqsadi va maʼno-mazmuniga g‘oyat hamohangdir.

 

Sir emaski, bugungi kunda jonajon O‘zbekistonimizning turli jabhalarida keng ko‘lamli amaliy islohotlar olib borilmoqda. Xususan, taʼlim tizimida ham katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Rivojlanish va taraqqiyotning asosiy ustuni nimada deb so‘rasalar, hech ikkilanmasdan taʼlim va ilm deya ayta olaman. Agar bugun biz ilm yo‘lidan shaxdam odimlasak, mamlakatimiz taraqqiyotida yana-da katta-katta yutuqlar, o‘zgarishlar bo‘laveradi. Albatta, ilm yo‘lidan borar ekanmiz sifatli taʼlim masalasi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, biz faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim tizimining eng asosiy tayanchi ham sifatli taʼlimdir.

 

Toshkent moliya institutida ham taʼlim sifatni oshirish, talaba-yoshlarimizni bugungi mehnat bozorida raqobatbardosh, erkin va mantiqiy fikrlay oladigan, kreativ, nafaqat moliya-iqtisod yo‘nalishidagi bilimlarni, balki zamonaviy kasblarni, zamonaviy IT texnologiyalarni egallagan holda o‘rin egallashlari borasida qator amaliy harakatlar olib borilmoqda. Bugungi kunda biz oliygohimiz nafaqat innovatsion faoliyat, balki mamlakat iqtisodiyoti real sektorining ham teng huquqli aʼzosi bo‘lishi, xalqaro taʼlim tizimiga integratsiyalashuvi, shu jumladan, biznes-inkubatorlar va texnoparklar infratuzilmasi va tizimidan foydalana olishi va zamonaviy yutuqlarni baholash, ularni kelgusida amaliyotga tatbiq eta olish imkoniyatiga ham ega bo‘lishi kerak deb hisoblaymiz.

 

Oldimizga qo‘ygan ulkan marralarni zabt etishimizda, olib borilayotgan xayrli ishlarda Yaratganning o‘zi qo‘llasin.

 

Aziz vatandoshlar!

 

Yana bir bor fursatdan foydalanib, sharqona yangi yil, uch ming yildan ziyod tarixga ega, aziz va suyukli milliy bayramimiz – Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin! Barchamizning ezgu orzu niyatlarmiz ushalsin. Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

 

To‘lqin Teshabayev,

Toshkent moliya instituti rektori,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

21:32 / 2023-03-20
Success helper
Success warning