Toshkent moliya instituti “Alibaba Group” kompaniyasi bilan “Raqamli iqtisodiyot va elektron tijorat” sohasida zamonaviy kadrlar tayyorlash bo’yicha hamkorlik qiladi
Mamlakatimiz ta’lim va ilm-fan jarayonlarida mutlaqo yangi yo’nalish bo’lgan “Raqamli iqtisodiyot va elektron tijorat” sohasiga zamonaviy kadrlar tayyorlash bo’yicha tajriba almashish maqsadida Toshkent moliya instituti rektori U.Azizov boshchiligidagi delegasiya Xitoy Xalq Respublikasining Xanchjou shahrida “Alibaba Group” kompaniyasi tomonidan “Digital Transformation through Education” (Ta’lim orqali raqamli tranformasiya) mavzusida o’tkazilayotgan xalqaro tadbirda ishtirok etmoqda.
Mazkur xalqaro tadbir davomida dunyoning raqamli iqtisodiyot va elektron tijorat sohasida eng asosiy markazlaridan biriga aylangan “Alibaba Group” kompaniyasining bosh qarorgohida Alibaba Global Initiatives, Alibaba Business School va Toshkent moliya instituti o’rtasida raqamli iqtisodiyot va elektron tijorat sohasida hamkorlikni yo’lga qo’yish, bu borada talabalar va professor-o’qituvchilarni tajriba almashish, malaka oshirish hamda ularning almashinuvini amalga oshirish borasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Shartnoma Alibaba Global Initiatives kompaniyasi vise-prezidenti Brayan Von va Toshkent moliya instituti rektori U.Azizov tomonidan imzolandi.
Xalqaro tadbirda Xitoy, Tayvan, Malayziya, Indoneziya, O’zbekiston, Rossiya, Kambodja va boshqa qator davlatlar oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, raqamli iqtisodiyot va elektron tijorat sohasida yirik kompaniyalar vakillari va mutaxassislari ishtirok etishmoqda. |