Huquqiy va moliyaviy imkoniyatlar eksportning barqaror o‘sishida rag‘batlantiruvchi omildir
Globallashuv jarayonida milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlashdagi muhim masalalardan biri tashqi iqtisodiy faoliyatni samarali tashkil etish hisoblanadi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatning samarali tashkil etilishi iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida raqobatlashuvning ortishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bilan birga, mamlakatning jahon bozoridagi o‘rnini mustahkamlaydi.
Xo‘sh, tashqi iqtisodiy faoliyatdagi asosiy strategiya nimalardan iborat? Mamlakat eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilyapti? Umuman, moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirishdagi ta’sirchan choralar eksport ravnaqida qanday rol o‘ynaydi?
Avvalo, mamlakatimizning tashqi iqtisodiy faoliyatidagi asosiy strategiyasi import o‘rnini bosuvchi ishlab chiqarishni tashkil qilish bilan birga, eksportga yo‘naltirilgan mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish va o‘zining jahon bozoridagi raqobatbardoshligini kuchaytirishi lozim. O‘z navbatida, bu jarayonlar O‘zbekiston Respublikasining jahon xo‘jaligiga integratsiyalashuvida uning hududiy va global darajadagi raqobatbardoshligi bo‘yicha qiyosiy ustunligi, tashqi iqtisodiy siyosatni ishlab chiqish va uni amalga oshirish bilan ko‘p jihatdan bog‘liq.
Amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar bo‘yicha qizg‘in munozaralarning mavjudligiga qaramasdan, tashqi iqtisodiy siyosatni ishlab chiqishda mamlakatning geografik, ishlab chiqarish va texnologik, mehnat resurslaridan foydalanish samarasini inobatga olish muhim o‘rin tutadi. Chunki xalqaro mehnat taqsimotining kuchayishi xalqaro moliyaviy munosabatlar ishtirokchilaridan yuqori darajadagi raqobatbardoshlikni talab etadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish, shuningdek, yuqori sifatli raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish asosida jahon bozorlaridan mustahkam o‘rin egallash va shu orqali milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan iqtisodiy islohotlar faol ravishda amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizning jahon bozorlarida mustahkam o‘rin egallashi va uning tashqi iqtisodiy salohiyatining ortishi ko‘p jihatdan milliy iqtisodiyotning eksport imkoniyatlariga bog‘liqdir. Shu bilan birgalikda, so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishi uchun tashqi savdoning roli, ayniqsa, uning eksport salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur holatni quyidagi dolzarb masalalar bilan izohlash mumkin: birinchidan, eksport xorijiy valyuta kirib kelishining asosiy manbasi bo‘lib, xorijdan import tovarlarini xarid qilish, mamlakat valyuta zaxirasini to‘ldirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash uchun zarur hisoblanadi.
Ikkinchidan, jahon bozoridagi keskin raqobatlashuv sharoitida milliy ishlab chiqaruvchilarning yuqori sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar bilan jahon bozorlariga chiqishini faollashtirish zaruriyati, uchinchidan esa, xalqaro kapital bozorining jahon savdosiga nisbatan jadal sur’atlar bilan o‘sish tendensiyasining namoyon bo‘lishi va shunga muvofiq tarzda mamlakatlarning moliyaviy o‘zaro bog‘liqligining tez sur’atlarda o‘sishi, moliya va valyuta tizimi barqarorligini ta’minlash mamlakat tashqi iqtisodiy siyosatini mintaqaviy va jahon miqyosida doimiy ravishda muvofiqlashtirishni talab qiladi.
Ahamiyatlisi, yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining hozirgi bosqichida eksport hajmlarini ko‘paytirish orqali makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, tayyor mahsulot yetkazib beruvchilarni qo‘shimcha moliyaviy va tashkiliy rag‘batlantirish yuzasidan huquqiy-me’yoriy asoslarning yaratilayotganidadir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 21 oktyabrdagi “Eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni fikrimizga yaqqol dalil bo‘ladi. Mazkur farmonga muvofiq mamlakat eksport salohiyatini oshirish maqsadida eksport qiluvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator imtiyozli tartiblar joriy etildi. Xususan, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi eksport qiluvchilarga, eksportoldi moliyalashtirish, shu jumladan, aylanma mablag‘lar uchun ajratiladigan kreditlar bo‘yicha tijorat banki tomonidan belgilangan kredit foiz stavkasi va miqdoridan qat’i nazar milliy va xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlariga kompensatsiyalar taqdim etishi hamda shu yo‘nalishda ajratiladigan kreditlar bo‘yicha kafillik berishi eksport salohiyatini oshirishdagi moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirishda muhim rol o‘ynamoqda.
Mamlakat eksport salohiyatini oshirish, eksport qiluvchi korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirishga qaratilgan ta’sirchan chora-tadbirlarni joriy etishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 iyuldagi “Eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etdi. Unga ko‘ra, eksport qiluvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 5 yil muddatga 1 foiz stavkasida 100 million dollar miqdorida mablag‘ ajratilishi belgilandi. Bu holat mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan eksport qiluvchi korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ularni imtiyozli moliyaviy resurslar bilan ta’minlash orqali faoliyat samaradorligini oshirishga qulay sharoit yaratdi.
Fikrimizcha, istiqbolda eksport salohiyatini rivojlantirish va uning mahsulot tarkibini diversifikatsiya qilish ikkita o‘zaro aloqador bo‘lgan omillar guruhi orqali belgilanadi. Bir tomondan bu tabiiy resurslar sohasidagi qiyosiy ustunliklar bilan tavsiflangan statik omillar bo‘lib, ularning ta’siri natijasida keyinchalik yuqori texnologik va yuqori darajada qayta ishlangan mahsulotlarga e’tiborni kuchaytirishga imkon yaratiladi. Boshqa tomondan bu innovatsiyalar va ilmiy-texnik yutuqlar bilan bog‘liq bo‘lgan dinamik ravishda o‘zgarib turadigan raqobat ustunligi omillari hisoblanadi.
Mazkur omillarning birgalikda uzviy harakati natijasida milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish, eksportning barqaror o‘sishi va umuman, iqtisodiyot rivojida rag‘batlantiruvchi ta’sirni ta’minlashga erishiladi.
Qayd etish lozimki, mamlakatimizning tashqi iqtisodiy faoliyati va jahon xo‘jaligiga integratsiyasi majmui aniq belgilangan maqsadlar hamda ularni amalga oshirishga qaratilgan asosiy tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Buning uchun avvalo, milliy iqtisodiyotning kuchli eksport bo‘g‘inini tashkil etuvchi va uning jahon bozorida munosib o‘rinni egallashini ta’minlovchi tarmoqlarni aniqlash, shuningdek, iqtisodiyotning eksport sohasida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash usullaridan keng foydalanish lozim.
Mazkur jarayonda eksport qiluvchi korxonalar faoliyatini rivojlantirish uchun ishlab chiqarishni kengaytirishga imtiyozli foizlar bo‘yicha uzoq muddatli kreditlar ajratish, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishlarni tashkil etishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga investitsiyalarni keng jalb etish, eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida rag‘batlantiruvchi chora-tadbirlarni yanada faollashtirish maqsadga muvofiq.
Globallashuv sharoitida milliy xo‘jaliklarning umumjahon mehnat taqsimotida faol ishtirok etishi ularning muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatishining muhim shartiga aylanib bormoqda.
Yuqorida tashqi iqtisodiy faoliyatdagi asosiy strategiya nimalardan iborat degan savolga javob shuki, mazkur jarayonda mamlakatimizda tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish hamda eksport salohiyatini oshirishdagi asosiy strategik maqsadlar – milliy iqtisodiyotning jahon iqtisodiy tizimi integratsiyasiga qo‘shilib borishini ta’minlash, yuqori ilmiy sig‘imli mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihalarni joriy etishga xorijiy kapitalni keng jalb etish orqali mamlakatning eksport salohiyatini oshirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihalarni amalga oshirish orqali milliy iqtisodiyotning import mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini imkon qadar qondirish, eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish va xorijiy kapitalni jalb etishda erkin iqtisodiy hududlarda yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlardan keng foydalanish va tashqi iqtisodiy faoliyat infratuzilmasini yanada rivojlantirish talab etiladi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, milliy iqtisodiyotda eksport qiluvchi korxonalarni rag‘batlantirish va raqobatbardosh mahsulotlarning eksport qilinishini kengaytirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini jalb qilish hamda jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar ushbu yo‘nalishda barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi.
Jasurbek Ataniyozov,
Toshkent moliya instituti professori
O'zA