“Globallashuv sharoitida bank va moliya tizimi barqarorligini taʼminlash masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi

“Globallashuv sharoitida bank va moliya tizimi barqarorligini taʼminlash masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi

2022-yil 10-iyun kuni Toshkent moliya instituti, Ural Davlat iqtisodiyot universiteti (Rossiya), Polosk davlat universiteti (Belorussiya), Bayneri universitetlari (Malayziya) bilan hamkorlikda “Globallashuv sharoitida bank va moliya tizimi barqarorligini taʼminlash masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi.







Dunyo mamlakatlari iqtisodiyotida roʻy berayotgan globallashuv jarayonlari bank va moliya tizimi barqarorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatish bilan bir qatorda, oʻzida turli xil risk, xavf-xatarlar, xalqaro moliya bozorlarining nobarqarorligi, mamlakatlar valyuta zahiralari va valyuta operatsiyalari diversifikatsiya darajasining pastligi hamda banklar xizmatlari ommabopligini oshirishni namoyon qilmoqda.







Mazkur sharoitda mamlakatimizda bank va moliya tizimi barqarorligini taʼminlash yoʻlida milliy manfaatlarimizga toʻliq mos keladigan alohida yondashuvlarni joriy qilish, bank sektorini transformatsiya qilish va unda davlat ulushini kamaytirish, bank tizimiga xorijiy kapitalni jalb qilish hamda banklar tomonidan xizmatlar koʻrsatishda zamonaviy usullarni joriy qilish muhim ahamiyat kasb etadi.





Xalqaro konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-maydagi “2020-2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-5992-sonli Farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, bank tizimida mavjud muammolar va qiyinchiliklar hamda ularni bartaraf etish yoʻllari ilmiy va amaliy jihatdan atroflicha muhokama qilindi.

Konferensiyaning yoʻnalishlari quyidagilardan iborat boʻlib, ularda: 

•   iqtisodiyotni globallashuv sharoitida xalqaro va mahalliy banklarda vujudga kelayotgan risklarni koʻp qirraligi va ularni bartaraf etishda alohida yondoshuvlarni joriy qilish; 

•   xalqaro kapital bozoridan kapitalni jalb qilish uchun bank tizimi va moliya bozorining moliyaviy barqarorligi va shaffofligini taʼminlash;

•   xorijiy va mahalliy moliya bozorlarida raqobat sharoitida risklarni boshqarish;

•   bank sektorini transformatsiya qilish va davlat ulushini kamaytirish boʻyicha dolzarb masalalar;

•   mamlakat bank tizimida korporativ boshqaruv standartlari, axborot texnologiyalari mahsulotlari, aktivlar va passivlarni boshqarish, mijozlar bilan aloqa qilishda zamonaviy usullarni amaliyotga joriy qilish;

•   milliy iqtisodiyotni dollarlashuv darajasini va banklar riskli aktivlari tarkibida uni qisqartirish yoʻllari;

•   banklar va moliyaviy bozorlarda xizmatlarning ommabopligi va aholining moliyaviy savodxonligini oshirish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Konferensiyada moliya va bank sohasidagi mutaxassislar, Markaziy bank, vazirlik va idoralar, xorijiy mehmonlar, mahalliy olimlar, professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchilar va yosh olimlar ishtirok etdilar.

Konferensiya natijalari boʻyicha globallashuv sharoitida bank va moliya tizimi barqarorligini taʼminlash yuzasidan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
 

21:09 / 2022-06-10
Success helper
Success warning