TOSHKENT MOLIYA INSTITUTI KAFEDRA MUDIRLARI KOLUMBIYA UNIVERSITETIDA TAJRIBA ALMASHINUVI DASTURIDA

TOSHKENT MOLIYA INSTITUTI KAFEDRA MUDIRLARI KOLUMBIYA UNIVERSITETIDA TAJRIBA ALMASHINUVI DASTURIDA

    Hozirgi kunda mamlakatimizda kapital bozorini rivojlantirish orqali iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash masalasiga alohida e’tibor berilmoqda. Bunda kapital bozori moliya bozorining muhim tarkibiy qismi sifatida iqtisodiyotni moliyaviy resurslar bilan ta’minlashda qator afzalliklarga ega.

 

    2019-yil 7-oktyabrda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan kapital bozorini rivojlantirish borasida o‘tkazilgan yig‘ilishda soha oldida turgan muhim masalalar muhokama qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi. Shuningdek, qimmatli qog‘ozlar bozori bo‘yicha kadrlar tayyorlashni samarali tashkil etish maqsadida agentlik orqali Toshkent moliya instituti va AQShdagi Kolumbiya universiteti o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish vazifasi ham alohida qayd etilgan edi.

 

    Belgilangan vazifalardan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, sohaga yuqori malakali kadrlar tayyorlashni kuchaytirish maqsadida Agentlik va AQShdagi Kolumbiya universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra Toshkent moliya instituti professor-o‘qituvchilarining Kolumbiya universitetida tajriba almashinuv dasturida ishtirok etishlari, ikki nafar tayanch doktorantlari stajirovka o‘tashlari rejalashtirilgan edi.

 

   Shunga ko‘ra Toshkent moliya instituti “Korporativ moliya va qimmatli qog‘ozlar” kafedrasi mudiri professor Samariddin Elmirzaev va “Xalqaro moliya-kredit” kafedrasi mudiri professor Jasurbek Ataniyazovlar 2020-yil 2-mart sanasidan Kolumbiya universitetida ikki haftalik tajriba almashinuv dasturida ishtirok etmoqdalar.

 

   Tajriba almashinuvi doirasida Samariddin Elmirzayev va Jasurbek Ataniyazovlar Kolumbiya universitetining yetakchi olimlaridan William Eimicke, Lucius Riccio, Arvid Lukauskas, Yumi Shimabukuro, Joann Baney, Zach Tumin kabi olimlarning biznes boshqaruvi (MBA) hamda davlat boshqaruvi (MPA) sohalarida jahon kapital bozoriga oid ma’ruzalarida faol ishtirok etmoqdalar. Ma’ruza mashg‘ulotlarida qo‘llanilayotgan ilg‘or o‘qitish uslublarini o‘zlashtirish, jahondagi nufuzli universitetda o‘quv jarayonining tashkil etilishi, ilmiy tadqiqotlar olib borilishi, kutubxonalar faoliyati bo‘yicha muhim tajribalar orttirilishiga erishilmoqda.

 

   Tajriba almashinuvi dasturi doirasida qimmatli qog‘ozlar bozori bo‘yicha nazariy bilimlarni mustahkamlash maqsadida Nyu-York fond birjasi, Amerika fond birjasiga ekskursiyalar uyushtirilganligini ham alohida qayd etib o‘tish lozim.

 

   Bunday xorijiy tajriba almashinuv dasturlarida professor-o‘qituvchilar ishtiroki yaqin istiqbolda oliy ta’lim sifatini oshirishda o‘z samarasini berishiga ishonch bildiramiz.

 

 

05:29 / 2020-03-13
Success helper
Success warning