“Harakatlar strategiyasini amalga oshirish jarayonida ma’naviy-ma’rifiy ishlarning o‘rni”

“Harakatlar strategiyasini amalga oshirish jarayonida ma’naviy-ma’rifiy ishlarning o‘rni”

   Toshkent moliya institutining 1-Ma’ruzalar zalida “Harakatlar strategiyasini amalga oshirish jarayonida ma’naviy-ma’rifiy ishlarning o‘rni mavzusida 2019 yil 27 may kuni Respublika miqyosida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. Tadbirda institut rektori Ulug‘bek O‘ktamovich Azizov, Prezident administratsiyasi bo‘lim boshlig‘i t.f.d., professor Abduxalil Abdulxayevich Mavrulov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari qo‘mita raisi, t.f.d., professor Abdug‘affor Karimjonovich Qirg‘izboyev, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, “Xalqaro press-klub” rahbari Sherzod Qudratxo‘jayev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov, G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali “Gumanitar va matematika fanlar” kafedrasi mudiri, f.f.d., professor Nazar Hakimovich Hakimov, O‘zbekiston Milliy Universiteti professori, Muzaffar Ortiqov, professor-o‘qituvchilar hamda 60 nafar talaba-yoshlar ishtirok etishdi. Tadbirni Toshkent moliya instituti rektori Ulug‘bek O‘ktamovich Azizov kirish so‘zi bilan ochib berdi va quyidagi fikrlarni bildirdi.

Mamlakatimizda yosh avlod tarbiyasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilishi bu sohaning naqadar muhim ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi. Muxtaram yurtboshimiz rahbarligida olib borilayotgan islohotlar bularning yaqqol ifodasidir. Jamiyat taraqqiyotida, yurt, millat taqdirida o‘sib kelayotgan yosh avlodning jismoniy va ma’naviy barkamolligi, intellektual salohiyati muhim o‘rin tutadi. Davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, barqarorlik va xalqlarning mustaxkam rivojlanishiga raxna soladigan turli yangi tahdid va xavflar paydo bo‘layotgan bugungi kunda ma’naviyat va ma’rifatga, axloqiy tarbiya, yoshlarning bilim olish, kamolga yetishiga intilishiga e’tibor qaratish har qachongidan ham muhimdir”

O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida bir qancha muhim xujjatlar qabul qilindi, amaliy ishlar yo‘lga qo‘yildi, muayyan natijalarga erishildi. Shunday bo‘lsa ham, bu borada bajariladigan ishlar hamisha keng ko‘lamli bo‘lib, o‘z dolzarbligini saqlab qolaveradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan 2019 yil 19 mart kuni yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Ushbu yig‘ilishda mamlakatimiz rahbari ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surdilar.

Birinchi tashabbus yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.

Ikkinchi tashabbus yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan.

Uchinchi tashabbus aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.

To‘rtinchi tashabbus yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.

Beshinchi tashabbus xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalalarini nazarda tutadi.

Ilmiy-amaliy konferensiyada qo‘yidagi masalalar bo‘yicha taklif va mulohazalar berildi.

O‘zbekiston taraqqiyotida Harakatlar strategiyasini hayotga tatbiq etishning ustuvor yo‘nalishlari.

Harakatlar strategiyasida iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarni tubdan isloh qilish muammolari.

Barkamol avlodni tarbiyalashda kitobxonlik ko‘nikmasini shakllantirish vositalari.

Globallashuv jarayonida “Mafkuraviy immunitet”ni shakllantirishda diniy bag‘rikenglik, milliy va ma’naviy qadriyatlarning o‘rni.

Prezidentimiz shu yilning 24 mayida talabalar shaharchasiga tashrifi davomida ziyolilar bilan uchrashuvida:“Bizga son emas, sifat kerak. Bunga erishish uchun esa xorij tajirbasini yaxshilab o‘rganish zarur. Qaysi davlat kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratsa, o‘sha yutadi. Ilmiy asoslangan tajirba asosida kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish eng muhim vazifamizdir”-deb ta’kidladilar.

Shu bilan birgalikda asosiy masalani innovatsiyaga qaratib “Takror va takror ta’kidlash joiz: yangi fikr va yangi g‘oyaga, innovatsiyaga tayangan davlat har doim yutadi va rivojlanadi”-deb ta’kidlab o‘tdilar.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish jarayonida ma’naviy-ma’rifiy ishlarning o‘rni, ahamiyati hamda jamiyatimiz oldida turgan muammolarni hal etish borada bir qator vazifalarga e’tibor qaratildi.

Anjuman davomida ishtirokchilar tomonidan yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarish, jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish, aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalar berildi.

 

 

 

18:33 / 2019-05-29
Success helper
Success warning