Akademik litseyga saralash imtixoni boʻlib oʻtdi
2019-yil 17-iyul kuni Toshkent moliya institutining 1,2-maʼruzalar zalida institut akademik litseyiga oʻqishga kirish uchun hujjat topshirgan nomzodlar uchun test sinovlari boʻlib oʻtdi.
Test sinovlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2018-yil 9-iyuldagi 12-2018-son hamda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining 2019-yil 9-iyuldagi 7-MH-son qarorlari bilan tasdiqlangan va Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 17-iyulda roʻyxatga olingan “Akademik litseylarda saralash imtihonlarini oʻtkazish, rasmiylashtirish va natijalarini eʼlon qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom”ga muvofiq yuqori saviyada, adolatli va shaffof oʻtkazildi.
Bu yil taʼlim muassasasiga oʻqishga kirish umumtaʼlim maktablari 9-sinf bitiruvchilaridan jami 295 nafar hujjat kelib tushdi. Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining 2019-yil 4-iyuldagi 1-son bayoni bilan institut akademik litseyining qabul qilish reja koʻrsatkichi 156 nafar etib belgilandi. Bundan, 104 nafar o'quvchi “Aniq fanlar”, 52 nafari “Xorijiy filologiya” yoʻnalishlariga qabul qilinadi.
Test sinovlarining shaffof boʻlishi uchun barcha sharoitlar yaratildi. Test sinovlari institutning 220 nafar oʻquvchi sigʻimiga ega 1-maʼruzalar va 240 nafar oʻquvchi sigʻimiga ega 2-maʼruzalar zalida boʻlib oʻtdi. Oʻquvchilarning ota-onalari test jarayonini onlayn rejimda kuzatish imkoniyatiga ega boʻldilar.