“Oila – davlat va jamiyat himoyasida” mavzusida davra suhbati
Toshkent moliya institutida Soliqlar va sugʻurta fakulteti Xotin-qizlar boshlangʻich tashkiloti tashabbusi bilan 2019-yil 24-may kuni “Oila – davlat va jamiyat himoyasida” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Davra suhbatiga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy markazi mutaxassisi, psixolog Dilbar Xodjimuxamedova taklif etildi. Tadbirda Soliqlar va sugʻurta fakulteti dekani Gʻ.Safarov, dekan muovini Z.Bazarov, institut xotin-qizlar Kengashi raisi B.Nurmuxamedova, Soliqlar va sugʻurta fakulteti Xotin-qizlar boshlangʻich tashkiloti raisi A.Sultonova, fakultetga qarashli boʻlgan kafedralarning ayol pedagog xodimlari va fakultet talaba-qizlari ishtirok etdilar.
Tadbirda D.Xodjimuxamedova soʻzga chiqib, “Siz oila qurishga tayyormisiz?” mavzusida talaba-qizlarni nikoh va oila qurishga tayyorlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sogʻlomlashtirish, oila madaniyati, yoshlarni oilalardagi ziddiyatlarni hal etish va ularning oldini olishga tayyorlash, yoshlar oʻrtasida nikohning mustahkam boʻlishining ijtimoiy-psixologik omillari toʻgʻrisida suhbat olib bordi.
Shuningdek, tadbirda Soliqlar va sugʻurta fakulteti Xotin-qizlar boshlangʻich tashkiloti raisi A.Sultonova “Oilaviy hayot etikasi” mavzusida, institut Xotin-qizlar Kengashi raisi B.Nurmuxamedova “Oila iqtisodiyoti: asosiy mezonlar va farovonlik omillari” mavzusida ma’ruzalar qildilar.
Tadbir davomida mehmon psixolog D. Xodjimuxamedova oʻziga xos psixologik trening oʻtkazdi, shuningdek ishtirokchilarning koʻplab savollariga javoblar va malakali maslahatlar berdi.