QABUL-2019:TAHLILIY HOLAT
15-iyun kunidan boshlab O‘zbekistonning barcha oliy ta’lim muassasalarida qabul komissiyalari o‘z ishini boshladi. Xususan, Toshkent shahrining eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri Toshkent moliya instituti ham abituriyentlar uchun o‘z eshiklarini ochdi.
Bu yildan boshlab qabul jarayoniga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Endi abituriyentlar pasport (09-forma yoki tug‘ilganlik guvohnomasi), shahodatnoma (ilovasi bilan) yoki kollej diplomi, imtiyozi bo‘lsa uni tasdiqlovchi hujjatni taqdim qilgan holda, fanlar bloki bir xil bo‘lgan uchta yo‘nalishni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar (kasbiy-ijodiy imtihon topshiradiganlar bundan mustasno). Hujjatlarni topshirish maktab yoki kollejni 2019-yilda tugatganlar uchun bepul, o‘tgan yillarda tugatganlar uchun esa pullik – 101 365 so‘mga teng.
Qabul jarayonining so‘nggi haftasi boshlangani va u qizg‘in pallaga kirgani munosabati bilan Toshkent moliya institutida qabul jarayonining qanday olib borilayotgani, abituriyentlar va ota-onalarga yaratilgan sharoit va qulayliklarni yoritishni o‘rinli deb bildik..
2019/20 o‘quv yilida Toshkent moliya institutiga bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha jami 495 talaba, bakalavriatning sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida jami 120 talaba, magistrlarni tayyorlash bo‘yicha 140 talaba qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari Toshkent moliya instituti va Malayziyaning Bayneriy universiteti (Binary University) bilan hamkorlikda tashkil etilgan “BINARY GRADUATE SCHOOL” (BGS) qo‘shma fakultetiga MBA - Master of Business Administration, Master Science in Information Technology Management, Master Science in Accounting & Finance mutaxassisliklari bo‘yicha jami 50 ta magistrni o‘qishga qabul qilish rejalashtirilgan.
Institut qabul komissiyasida abiturientlar va ularning Ota-Onalarini qiziqtiruvchi savollarga javob berish maqsadida maxsus axborot-maslaxat markazi (call-center) joriy qilindi. Quyidagi telefon raqamlar orqali qabul jarayoniga oid bo‘lgan savollarga javob berilmoqda:
(71) 234-06-75
(71) 234-72-92
(71) 235-16-01
(71) 235-13-21
Institut hududida abituriyentlar va ularning ota-onalarga qulay sharoit yaratish maqsadida oziq-ovqat maxsulotlari va salqin ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi savdo shahobchasi, qabul komissiya a’zolari uchun ovqatlanish joyi, to‘lov uchun alohida xizmat ko‘rsatuvchi ikki aloqa operatorlari va Ipoteka hamda Turkiston tijorat banklarining kassa bo‘limlari xizmatlari, tibbiyot bo‘limi, ota-onalar bilan muloqat o‘rnatish uchun maxsus xona va boshqalar mavjud.
Muhtaram abituriyentlar! Toshkent moliya institutiga hujjat topshirish qabul komissiya tomonidan 15-iyulga qadar qabul qilinadi. Institutga hujjatlar har kuni soat 08-00 dan kechki 20-00 ga qadar, haftaning yakshanba kuni ham qabul qilinmoqda.