«Haqiqat mendan ustun» hujjatli filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi

«Haqiqat mendan ustun» hujjatli filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 17-sentyabr kuni Poytaxtimizdagi muhtasham Adiblar xiyobonida Kinematografiya agentligining «Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi» DUK hamda Toshkent moliya instituti bilan hamkorlikda suratga olingan «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni sohibi, taniqli adib Abdulla Qahhor hayoti va ijodi haqidagi «Haqiqat mendan ustun» hujjatli filmi keng ommaga namoyish etildi.

 

Premyeradan avval  adib haykali poyida tadbir tashkil etildi. Toshkent moliya instituti professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirokida maʼruzalar tinglandi. Adabiyotshunos olimlar Abdulla Qahhorning boy maʼnaviy merosiga to‘xtalar ekan, uning so‘z yukini his qilgan, badiiy adabiyotni yaxshi tushunganligini alohida eʼtirof etishdi.

 

XX asr o‘zbek nasrining yetuk vakili Abdulla Qahhor hayot yo‘li bir muncha og‘ir va chigal davrda kechgan, Na tizimga bo‘ysunib bo‘lardi, na tuzumga. Shunday og‘ir davrlarda ham u adabiyotga, so‘zga sodiq qoldi. Takrorlanmas, betakror asarlar yozdi. Haqiqatni qog‘ozga tushirdi, yolg‘on-yashiriqlardan o‘zini uzoq tutdi. Hujjatli film ham «Haqiqat mendan ustun», deb bekorga nomlanmadi. Abdulla Qahhor yashagan davrlarda adabiyotga sodiq qolish, maqsadi yo‘lida sobit turish mushkul edi. Ammo adib buni uddaladi va tavalludiga 114 yil bo‘lsada hamon eslanadi, asarlari sevib o‘qiladi.

 

«Haqiqat mendan ustun» filmi  syomka jarayonlari adib tug‘ilgan xonadon, uy-muzeyi, kutubxona, Adiblar xiyoboni va boshqa obyektlarda bo‘lib o‘tgan. Kartina arxiv kadrlar va intervyular bilan yana-da boyigan. Adibning asarlari yozilish tarixi, muhim voqeliklar, xarakteridagi alohidalik ssenariy muallifining eʼtiboridan chetda qolmagan. Kartinada adibning o‘yga cho‘mgan, ijod og‘ushida mast bo‘lgan holatlari tasvirida u haqidagi bor maʼlumot tomoshabinga yetkazishga urinilgan.

 

Premyera so‘ngida so‘zga chiqqan ijodkorlar buyuk adibimiz haqida kartina yaratilishida katta yordamini ko‘rsatgan, har jabhada qo‘lla-quvvatlagan Toshkent moliya instituti rahbariyatiga o‘zlarining samimiy minnatdorchiligini bildirishdi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

TMI matbout xizmati

14:52 / 2021-09-18
Success helper
Success warning