INNOVATSION LOYIHALAR TOSHKENT MOLIYA INSTITUTIDA
Toshkent moliya institutida 2019-yil 10-aprel kuni “Eng yaxshi innovatsion loyiha” tanlovi o‘tkazildi.
Ushbu tanlovda institut talabalari tomonidan 20 dan ortiq start-up loyihalari taqdim etildi.
Mazkur tanlovda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Start-up tashabbuslari dasturi koordinatori U.Raximjanov, O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va dasturlari parki konsultanti, xorijiy ekspert J.Partsartsi, “FinExtra Group” moliyaviy texnologiyalar kompaniyasi direktori N.Do‘smatova, Innovatsion rivojlanish vazirligi mas’ul xodimi A.Norov ishtirok etdilar.
Ko‘rib chiqilgan innovatsion start-up loyihalari ekspertlar tomonidan yuqori baholandi hamda talabalarning loyihalari doimiy ravishda Toshkent moliya instituti tomonidan rag‘batlantirilib kelinayotganligi e’tirof etildi.
- Men Toshkentdagi safarim davomida O‘zbekistonning innovatsiyalar sohasiga kirib kelayotganligini haqiqatda guvohi bo‘ldim. Toshkent moliya instituti talabalarining faqat moliya sohasidagi yutuqlarigina emas, masalan “parrandalarni parvarishlovchi sun’iy inkubator” innovatsion loyihasi meni hayratga soldi. Asosiysi, bu sun’iy qurilma mobil telefon orqali boshqarilar ekan. Bu talaba bilan kelgusida investitson hamkorlik qilish istagidaman, - deydi tanlov eksperti sifatida qatnashgan Axborot texnologiyalari va dasturlari parki konsultanti J.Partsartsi.
Tanlovda eng yaxshi deb topilgan innovatsion ishlanmalar “FinExtra Group” moliyaviy texnologiyalar kompaniyasi tomonidan moliyalashtiriladigan bo‘ldi.
Tanlov so‘ngida g‘oliblar Toshkent moliya insituti, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Savdo-sanoat palatasining sertifikatlari, qimmatbaho sovg‘alar va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.