Institut professori «O‘zagrosug‘urta» kompaniyasi rahbar-xodimlari uchun tashkil etilgan seminarda maʼruza qildi
2023-yil 4-avgust kuni “O‘zagrosug‘urta” kompaniyasida “O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini rivojlantirishdagi muammolar va istiqbolda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.
Seminar-treningni mazkur kompaniya boshqaruvi raisi o‘rinbosari B.Axadov kirish so‘zi bilan ochdi va bugungi tadbirning ahamiyati to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi. Seminar-treningda “O‘zagrosug‘urta” kompaniyasi markaziy apparati xodimlari, kompaniyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi filiallari direktorlari qatnashdi.
Tadbirda Toshkent moliya instituti “Sug‘urta va pensiya ishi” kafedrasi mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori, professor X.M.Shennaev qishloq xo‘jaligining mamlakat iqtisodiyotida tutgan o‘rni va sohada sug‘urta munosabatlarining rivojlanish holati xususida ma’ruza qildi. Taqdimot shaklida taqdim etilgan ma’ruzada X.M.Shennaev qishloq xo‘jalik sug‘urtasini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimi bo‘yicha o‘z takliflarini bayon etdi.
Tadbir yakunida “O‘zagrosug‘urta” kompaniyasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari B.Axadov so‘z olib, seminar-trening kompaniya xodimlari uchun foydali bo‘lganligini va bu yo‘nalishda Toshkent moliya instituti bilan hamkorlik davomli bo‘lishini alohida qayd etdi.