Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Toshkent moliya institutiga tashrif buyurdi
Joriy yilning 8-iyun kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Toshkent moliya institutida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, xususan, oliygohda quyosh panellaridan foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Vazirga Toshkent moliya instituti asosiy oʻquv binolariga 550 kVt va 2-sonli talabalar turar joyi binosiga 200 kVt, jami 750 kVt quyosh panellari oʻrnatilganligi bilan bogʻliq taqdimot qilindi. Shuningdek, institut qoshidagi akademik litsey hududida olib borilayotgan 200 kVt quyosh panellari oʻrnatish ishlari haqida maʼlumot berildi. Akademik litsey hududida oʻrnatilayotgan quyosh panellari joriy yilning iyul oyiga qadar yakuniga yetkazilish koʻzda tutilganligi taʼkidlab oʻtildi.
Shundan soʻng, vazir institut oʻz mablagʻlari hisobidan oliygohning asosiy hududida bunyod etilgan 1 200 oʻrinli oʻquv binosi, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mazkur binodagi zamonaviy axborot-resurs markazi faoliyatini koʻzdan kechirdi.
Shuningdek, talaba-yoshlar va xodimlarning ijodiy salohiyatini oshirish hamda kreativlilikni rivojlantirish maqsadida institutda tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi, professor Ortiqali Qozoqovning ijodiy koʻrgazmasi bilan tanishdi.