“Mehr ulashing” aksiyasi doirasidagi tashrif
Imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kabi chin insoniy tuyg‘ular xalqimizga xos oliyjanob fazilatlardan biridir. Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Mehr ulashing” aksiyasi doirasida xalqimizga xos ana shu olijanob fazilatlar yana bir karra namoyon bo‘lmoqda. Xususan, “Mehr ulashing” va “Bolaga kitob sovg‘a qiling” aksiyalari doirasida “Buxgalteriya hisobi” kafedrasi katta o‘qituvchisi A.Abdullayev boshchiligida institutning Bank ishi fakulteti KBI-72-guruh talabalari 2019-yil 22-may kuni Yunusobod tumanida joylashgan 87-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasasiga tashrif buyurdilar.
Insonning erkin fikrlashi, dunyoqarashining kengayishi, aqlan yetuk bo‘lishi, ma’naviyatining shakllanishida kitobning o‘rni nihoyatda ahamiyatli ekanligi, kitob insonning eng yaqin do‘sti va maslahatchisi hamda bilim manbai ekanligini inobatga olib bu yerda tahsil olayotgan bolalarga kitob sovg‘a qilindi.
Tashrif davomida maktab direktori mazkur ta’lim muassasasida bolalar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning kunni mazmunli o‘tkazish borasida maktabda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha talabalarga axborot berib o‘tdi.