Toshkent moliya institutida 2022-yil 21-yanvar kuni “O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida chet tillarni o‘qitishning dolzarb muammolari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

Toshkent moliya institutida 2022-yil 21-yanvar kuni “O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida chet tillarni o‘qitishning dolzarb muammolari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

“O‘zbek va rus tillari” kafedrasi tomonidan “O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida chet tillarni o‘qitishning dolzarb muammolari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Konferensiyani TMI o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, iqtisod fanlari doktori, professor S.U.Mehmonov kirish so‘zi bilan ochdi.

S.U.Mehmonov konferensiya ishtirokchilariga minnatdorlik bildirib, o‘z nutqida Toshkent moliya instituti 30 yil davomida Respublikamiz iqtisodiyot va moliya sohasi uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha tayanch OTM bo‘lib kelganini va institut Respublikamizdagi eng yaxshi beshta OTMlar qatoriga kirishini hamda professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati bo‘yicha Respublikada birinchi o‘rinda turishini ta’kidladi.

Shuningdek, ta’lim va tarbiya masalalarida Respublikamiz va boshqa mamlakatlar oliy ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasining yaqqol ko`rsatkichi ekanini ta`kidladilar. Turli darajadagi integratsiya jarayoni ta’lim, fan va ishlab chiqarishning tashkiliy shakllari – bu dunyoning barcha mamlakatlarini, jumladan, O‘zbekistonni ham bosqichma-bosqich qamrab oluvchi tendentsiyadir.





Konferensiya tashkiliy qo‘mitasi raisi, TMI ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor, iqtisod fanlari doktori A.X.Islamkulov oʻz soʻzida maktabgacha taʼlim muassasasi, maktab, OTMlar hamda Toshkent moliya institutining  oʻz-oʻzini moliyalashtirish tizimiga oʻtishda uzluksiz taʼlimning roli  va ta’lim jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etishni taʼkidlab o‘tdi.





Konferensiyada British Councilning O‘zbekistondagi vakili, loyihalar bo‘yicha menejeri N.Begiboyeva ishtirok etdi.

British Councilning O‘zbekistondagi faoliyati, ishtirok etish imkoniyatlari haqida chambarchas bog‘liq bo‘lgan grantlar va ta’lim dasturlarida respublikamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan tanishtirdi.

Filologiya fanlari doktori, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining professori D.G.Jumanova o‘z ma’ruzasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash nafaqat bitta ta’lim muassasasi, balki butun ta’lim tizimining vazifasi ekanligi haqida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.

Shu bois davom etayotgan konferensiyaning umumiy maqsadi – ta’lim sifatini oshirish, shu orqali fikr almashish, bilim va o‘zaro hamkorlik uchun maydon shakllantirishga qaratilgan.

Konferensiyada filologiya fanlari doktori, Boku Slavyan universiteti nemis filologiyasi kafedrasi mudiri Sevinch Tofiq qizi Rzayeva ishtirok etdi. U o‘z nutqida nemis tilini klassik adabiy asarlar asosida o‘qitish metodikasi, ijtimoiy-gumanitar soha – inson haqidagi bilimlar sohasi, uning ma’naviy, axloqiy, madaniy va ijtimoiy faoliyati haqida bir qator fiklar bildirdi.

Pitirim Sorokin nomli Siktyvkar davlat universiteti vakili, dotsent V.A.Maltseva “Rossotrudnichestvo” tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bakalavriat, magistratura va doktorantura yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik, rus tilini o‘qitish markazini tashkil etish va qo‘shma tadqiqot ishlarini olib borish yuzasidan bir qancha taklif bilan chiqdi.

Shuningdek, konferensiyada TMI “O‘zbek va rus tillari” kafedrasi dotsenti, falsafa fanlari doktori, N.Husanov va A. Saparovlar  ham o‘z ma’ruzalari bilan chiqishdi.

Konferensiyada amaliy masalalar muhokama qilindi va oliy ta’lim tizimida zamonaviy pedogodik texnologiyalar, ta’limning nazariy muammolari hamda oliy ta’lim tizimini takomillashtirish yo‘llari haqida muzokaralar olib borildi.


16:12 / 2022-01-22
Success helper
Success warning