ACCA - o‘z faoliyatini boshladi
Toshkent Moliya instituti qoshida ACCA - Sertifikatlangan diplomli buxgalterlar xalqaro assosiasiyasi tomonidan akkreditasiyadan o‘tkazilgan o‘quv markazi o‘z faoliyatini boshladi
Bugungi kunda Toshkent moliya instituti “Buxgalteriya hisobi va audit” ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 fevraldagi PQ-4611- sonli “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora- tadbirlar to‘g‘risida” qarori ijrosini ta'minlash maqsadida institut qoshida “Grant Thornton” auditorlik kompaniyasi va Sertifikatlangan diplomli buxgalterlar xalqaro assosiasiyasi (Association of Chartered Certified Accountants — ASSA) bilan hamkorlikda "International institute of finance and accounting" innovasion o‘quv markazi tashkil etildi. Markazning asosiy maqsadi ASSA xalqaro dasturi asosida o‘quv jarayonini tashkillashtirish, amaliyotchi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish va ularni xalqaro buxgalter sertifikatiga ega bo‘lishini ta'minlash, tizimli ravishda xo‘jalik sub'ektlari buxgalteriya hisobi hamda auditorlik faoliyatiga xalqaro standartlarni joriy qilish bo‘yicha tadqiqotlarni olib borish, o‘quv adabiyotlari uslubiy tavsiyalar yaratish, yosh olimlar, mutaxassislar ishtirokida o‘quv seminarlari, ilmiy-amaliy konferensiyalar, davra suhbatlari tashkil qilishdan iborat. Bundan tashqari, markazda xalqaro darajada tan olingan dasturi asosida bilim olgan talabalar ta'lim muassasasini tugatganidan keyin Buyuk Britaniyaning yetakchi bo‘lgan Oksford Bruks Universitetining buxgalteriya yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr darajasini olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Markur markazni rasmiy ochilishiga bag‘ishlangan tadbir 2020 yil 23 iyul kuni onlayn ko‘rinishida ZOOM dasturi orqali tashkil etildi. Tadbir Sertifikatlangan diplomli buxgalterlar xalqaro assosiasiyasi (ASSA) va ATS International uyushmasi vakillari, shuningdek Ukraina, Qozog‘iston va Markaziy osiyo bo‘yicha vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mas'ul mutaxassislari, O‘zbekiston auditorlar palatasi vakillari, Toshkent moliya instituti professor o‘qituvchilari ishtirokida tashkil etildi. Tadbir ishtirokchilari tomonidan markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi oliy ta'lim muassasalarida buxgalteriya hisobi va audit fanlari bo‘yicha dars mashg‘ulotlari olib boruvchi o‘qituvchilar, amaliyotchi buxgalterlar, ilmiy tadqiqotchilarni Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishi, malaka oshirishi va ularni xalqaro buxgalter sertifikatiga ega bo‘lishlari uchun katta qulayliklar yaratilganligi alohida qayd etildi.
Tadbir yakunida tadbir ishtirokchilari tomonidan markaz faoliyatini rivojlanishiga muvoffaqiyatlar bildirilib Toshkent moliya institutida joriy yilning oxirigacha bo‘lgan muddatda Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tishning ustuvor masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy axamiyatga ega bo‘lgan xalqaro konferensiya tashkil etishga kelishib olindi.