8-dekabr O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunga bag'ishlangan davra-suhbati bo'lib o'tdi
2023-yil 7-dekabr kuni Toshkent Moliya institutida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunga bag‘ishlangan davra-suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senat a’zosi, Qo‘mita rais o‘rinbosari B.J.Matmuratov ishtirok etdi va ma’ruza qildi. Shuningdek, tadbirda Institut rahbariyati va “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda talaba yoshlar ishtirok etdilar.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning asosiy g‘oyalari, shu jumladan inson va uning huquq va manfaatlari ustunligi prinsipi Konstitutsiyamizning asosini tashkil etishiga urg‘u berildi. Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi xalq bo‘lishi kerak g‘oyasi asosida qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq muhokamasi o‘tqazilganligi, aholimiz ushbu jarayonda faol ishtirok etgani hamda 220 mingdan ziyod takliflar berganligi va ularning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy olganligiga alohida ta’kidlab o‘tildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz huquqiy tafakkurining yuksak namunasi, mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllanishiga xizmat qilib, erkin va farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelayotganligi, mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohot va o‘zgarishlarning barchasi Konstitutsiyamiz asosida amalga oshirilayotganligi, bu esa uning xalqimiz manfaatlariga, davlatimizning strategik maqsadlariga to‘la javob beradigan, har tomonlama puxta ishlangan muhim siyosiy hujjat ekanidan dalolat berishiga alohida urg‘u berildi.
Ilk marotaba Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekiston suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi o‘zgarmas qoida sifatida mustahkamlanganligi uning naqadar xalqimiz manfaatlariga javob berishligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida “inson-jamiyat-davlat” tamoyili asosida inson huquqlari borasidagi normalar qariyb 3,5 baravarga ko‘payganligi barcha sohalarda “inson qadri”ning tom ma’noda yuksalishiga, davlat va jamiyat hayotini yangi va zamonaviy tarzda boshqarish imkonini berishi va bu Yangi O‘zbekistonda inson va uning manfaati ustuvorligini ko‘rsatib berishidan dalolatdir. Shu boisdan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya ijrosini to‘liq ta’minlash barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi navbatdagi ustuvor vazifasi ekanligiga e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari hamda jamiyat va shaxs masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Shundan so‘ng talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan ma’ruzachilarga murojaat qilishdi va barcha savollarga javoblar olishdi.