Toshkent moliya institutida “Karyera kunlari” mehnat yarmarkasi bo’lib o’tdi
Mamlakatimizda yoshlar muammolariga, xususan, ularning ish bilan bandligiga katta e’tibor berilmoqda. Bu vazifani bajarishda barcha oliy ta’lim muassasalari mehnat bozoriga birinchi marta kirib borayotgan yoshlarni ishga joylashtirish masalasini ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etganlar.
Bugungi kunda nafaqat O‘zbekistonda balki Markaziy Osiyoda iqtisodiyot tarmoqlariga kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblangan Toshkent moliya institutida 14-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va asosiy ish beruvchilar hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan hamkorlikda hamda 100 dan ortiq boshqa korxona va tashkilotlar (tijorat banklari, sug‘urta kompaniyalari, o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalari, uyushmalar) ishtirokida “Karyera kunlari” mehnat yarmarkasi tadbirini o‘tkazdilar.
Tadbirning ochilish ma’rosimida ishtirok etgan O’zsanoatqurilish bank boshqaruv raisi o‘rinbosari-Tavakkalov Ulug‘bek O‘ktamovich, Moliya vazirligi kadrlar boshqarmasi boshlig‘i-Nurmatov Botir Erkinovich, Soliq qo‘mitasi xodimlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i-Saydaliev Fazliddin Ulug‘bekovich, Ipoteka bank strategik rivojlantirish departamenti boshlig‘i Raxmonov Tohirjon Ziyatovich bitiruvchi kurs talabalariga kadrlar masalasida bugungi kunning talabi va ishga joylashishdagi asosiy talablar haqida ma'lumot yetkazdilar.
Institutda faoliyat yuritayotgan 6 ta fakultet tasarrufida joriy yilda 968 dan ortiq talabalar o’qishni tamomlab turli iqtisodiyot tarmoqlarida o’z mehnat faoliyatlarini olib borishga tayyorlar.
O’z oldiga kelgusi 5-10 yildan keyingi mavjud mehnat bozoridagi talabdan kelib chiqib kadrlarni tayyorlashni asosiy vazifalaridan biri deb hisoblagan institut rahbar xodimlari bugungi “Karyera kunlari” bitiruvchi talabalarning kelajakdagi kasbiy o‘sishlarida navbatdagi omadli qadam bo‘lishini tilab qoladilar.