Navroʻz umumxalq bayrami munosabati bilan Toshkent moliya instituti rektorining bayram tabrigi

Navroʻz umumxalq bayrami munosabati bilan Toshkent moliya instituti rektorining bayram tabrigi

Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!

 

Muhtaram ustozlar, institutimiz xodimlari!

 

Aziz talaba-yoshlar!

 

Avvalo, institutimiz professor-oʻqituvchilarini, xodimlarini va kelajagimiz ishonchi boʻlgan talaba-yoshlarimizni milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, mehnatkash xalqimizning ming yillik anʼanalarini oʻzida mujassamlashtirgan yangi kun, uygʻonish va yangilanish, yangi nafas bayrami – Navroʻz bayrami munosabati bilan shaxsan oʻzim va institut rahbariyati nomidan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

 

Navroʻz – yangi kun. Bu, albatta, uning lugʻaviy maʼnosidir. Ushbu ulugʻ soʻzda ming yillik tariximiz akslanadi desak, adashmaymiz. Qadimdan oliyjanob xalqimiz bu kunni qut-barakaning boshlanishi sifatida alohida kutishgan. Bu kunda yangi nihol, urugʻ yerga qadaladi. Don sepiladi. Bu baraka, rizq ifodasidir. Darhaqiqat, bugun ekilgan nihol ertaga oʻz mevasini berishi aniq. 

 

Ertamiz umidi boʻlgan yoshlarimiz ham mana shu ekilayotgan nihollardek kelgusida oʻz mevasini berishi uchun bizga katta masʼuliyat yuklatilgan. Oʻzbekistonda yangi uygʻonish — Uchinchi Renessans davri boshlandi. Vaholanki, mamlakatimizning yangi istiqbolini bilimli, kreativ, tajribaga ega, dunyoqarashi keng yoshlarning shijoati belgilab beradi. Mana shunday yoshlarni tarbiyalashda, ularni mamlakatimiz ravnaqi yoʻlida astoyidil xizmat qilishida oliy taʼlim tizimining oʻrni beqiyosdir.

 

Xususan, bugungi kunda Toshkent moliya institutida ham oʻn ming nafardan ortiq yoshlarimiz tahsil olishmoqda. 500 nafarga yaqin professor-oʻqituvchilarimiz ularga moliya-iqtisod sohasida taʼlim berishmoqda. Sir emaski, jonajon institutimiz ushbu sohada mamlakatimizga kadrlar yetishtirib beruvchi bazaviy oliygoh hisoblanadi. Institutda taʼlim jarayoni bugungi zamonaviy taʼlim standartlariga mos qilib tashkil etilmoqda. Shuningdek, oliygohimizda ilmiy salohiyatni ham oshirish borasida katta hajmli ishlar olib borilmoqda. Mazkur amaliy harakatlar natijasi oʻlaroq, 2021-yilda eʼlon qilingan oliy taʼlim muassasalarining milliy reytingida institutimiz 5-oʻrinni, ilmiy salohiyat koʻrsatkichi boʻyicha esa 1-oʻrinni egalladi. Bundan tashqari, Buyuk Britaniyaning nufuzli reyting agentligi - Times Higher Education tomonidan ilk marotaba dunyoning yetakchi universitetlari reytingida REPORTER maqomi boʻyicha eʼtirof etildi.


Soʻz oʻrnida, talabalarimizning erishayotgan yutuqlarini eʼtirof etmaslikning iloji yoʻq. Xususan, bir nafar magistr, bir nafar bakalavr talabamiz hamda bir nafar doktorantimiz Prezident, bir nafar bakalavr talabamiz Islom Karimov nomidagi, 3 nafar bakalavr bosqichi talabamiz esa Alisher Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi sohiblariga aylanishdi. Shuningdek, institutimizda "Rektor stipendiyasi"ni joriy qilgan edik. Bu yil 7 nafar iqtidorli talabalarimiz mazkur stipendiyaga loyiq deya topildi. Ushbu natijalarni qayd etishimizda, albatta, institutimizda fidokorona mehnat qilayotgan ustoz-murabbiylarimizning oʻrni beqiyosdir. 


Taʼkidlash joizki, Toshkent moliya institutining mahalliy va xorijiy eʼtirof etilgan reytinglarda oʻrnini yanada koʻtarish hamda bugungi mehnat bozoriga raqobatbardosh, bilimli, tajribali va kreativ kadrlarni tayyorlash ayni vaqtdagi oldimizga qoʻygan eng ulkan va asosiy maqsadlarimizdan biridir.

 

Aziz vatandoshlar

 

Navroʻzi olam yurtimizga tinchlik, omonlik, baxt-saodat, qut-baraka olib kelsin!

 

Har bir oila, har bir xonadonda yaxshi kunlar, toʻy-tomoshalar koʻp boʻlsin!

 

Barchamizning ezgu orzu niyatlarmiz ushalsin. Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz omon boʻlsin!


Toʻlqin Teshabayev,

Toshkent moliya instituti rektori,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

19:58 / 2022-03-20
Success helper
Success warning