Toshkent moliya instituti hamda “SEMURG INSURANCE” sugʻurta kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik aloqalari oʻrnatildi

Toshkent moliya instituti hamda “SEMURG INSURANCE” sugʻurta kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik aloqalari oʻrnatildi

18 - mart kuni institutda mamlakatimiz sugʻurta bozoriga yangi kirib kelgan kompaniyalardan biri – “SEMURG INSURANCE” qoʻshma sugʻurta kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

 

Unda institut rektori, professor T.Z.Teshabayev, Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor S.U.Mehmonov, Sug'urta va pensiya ishi kafedrasi mudiri X.Shennaev, “SEMURG INSURANCE” qoʻshma sugʻurta kompaniyasi bosh direktori I.Abdukaxxarov va kompaniya vakillari ishtirok etishdi.

 

 

 


Uchrashuvda Toshkent moliya instituti respublikamiz moliya-bank tizimi, shu jumladan, sugʻurta sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlaydigan tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanishi, shuningdek, taʼlim sifatini oshirish, ish beruvchilarning talablari asosida kadrlar tayyorlashda taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi integratsiya bugungi zamonaviy o’quv jarayonlari uchun muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.


 

Shu boisdan sugʻurta kompaniyasi va institut oʻrtasida oʻzaro hamkorlik aloqalarining yoʻlga qoʻyilishi, talabalarning amaliyot bazalarini kengaytirish, yetuk amaliyotchi mutaxassislarni institutning taʼlim jarayoniga jalb etish, talabalar uchun kompaniyada mahorat darslarini tashkil etish dolzarb hisoblanadi.

 

 

Uchrashuvda “SEMURG INSURANCE” qoʻshma sugʻurta kompaniyasi bosh direktori I.Abdukaxxarov bugungi kunda sugʻurta kompaniyalari uchun malakali kadrlarga ehtiyoj yuqoriligini va shu sababli sugʻurta sohasida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash salohiyatiga ega Toshkent moliya instituti bilan hamkorlik oʻrnatish kompaniya uchun manfaatli ekanligiga alohida to’xtalib o’tdi.

 

 

Uchrashuv yakunida Toshkent moliya instituti hamda “SEMURG INSURANCE” qoʻshma sugʻurta kompaniyasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida Memorandum imzolandi.

 

 

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, kompaniya 2020-yilda Rossiyalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan boʻlib, aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi. Hozirgi kunda kompaniya respublikaning barcha hududlarida 25 tadan ortiq filial va sotish markazlariga ega.
16:19 / 2022-03-18
Success helper
Success warning