Talabalar oʻqishini koʻchirish: qulaylik va imkoniyatlar
Taʼlim sohasini tubdan isloh qilish, o‘quv jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish orqali taʼlim sifatini oshirish, yuqori salohiyatga ega ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, ko‘p jihatdan, oliy taʼlim muassasalariga eng bilimdon, iqtidorli yoshlarni qabul qilish bilan chambarchas bog‘liq.
So‘nggi yillarda oliy taʼlim muassasalariga fuqarolarni o‘qishga qabul qilish tizimida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar yuz berdi. Abituriyentlar o‘zlari yashab turgan joydan O‘zbekiston hududida joylashgan istagan institut yoki universitetiga bemalol hujjat topshirishlari mumkin. Sir emas, bundan besh-olti yil oldin buni tasavvur ham qilib bo‘lmasdi.
Ayniqsa, fuqarolarning o‘qishini ko‘chirish borasida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni alohida tilga olmasdan iloj yo‘q. Avvalo qayd etish lozimki, fuqarolarning o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha meʼyoriy-huquqiy hujjatlar takomillashtirildi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyundagi “Davlat oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-279-son qarori bilan xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan, jumladan, xalqaro tan olingan reytinglarda birinchi 1000 ta o‘rinni birini egallagan oliy o‘quv yurtlaridan talabalar o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh taʼlim yo‘nalishlariga ko‘chirishda test sinovlari o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi. Bunda test sinovlari bo‘yicha o‘tish ballari har yili 15-iyulga qadar Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi hamda tizimida oliy taʼlim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi va Davlat test markazining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Agar buni Toshkent moliya instituti misolida qaraydigan bo‘lsak, 2022/2023 o‘quv yilida xorijiy oliy o‘quv yurtlaridan o‘qishini ushbu institutning taʼlim yo‘nalishlariga ko‘chirish uchun test sinovlari topshirgan talaba kamida 105 ball olishi kerak. Eʼtibor bering, bundan ikki yil avval kirish bali 56,7 ballni tashkil etgan.
Endi tasavvur qiling, abituriyent kamida 130-140 ball olib institutga o‘qishga kirsada, xorijiy oliy o‘quv yurtidan o‘qishini ko‘chirgan talaba test sinovlarida 56,7 ball bilan o‘qishga qabul qilinsa. Ochig‘ini aytish kerak, bu holat boshqa oliy o‘quv yurtlarini bilmadim-u, lekin bizning institutda maʼlum maʼnoda taʼlim sifatini pasayishiga sabab bo‘ldi. 2020/2021 o‘quv yilida 550 ga yaqin fuqarolar xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan o‘qishlarini Toshkent moliya institutiga ko‘chirgan. Tajriba shuni ko‘rsatayaptiki, ularning aksariyatining institutda o‘qitiladigan fanlarni o‘zlashtirishlari qiyin kechayapti yoki akademik qarzdor bo‘lib qolmoqda. Shuni inobatga olgan holda xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan o‘qishini davlat oliy taʼlim muassasalariga ko‘chirish uchun o‘tkaziladigan test sinovlarida kirish balining 105 ball etib belgilanishini to‘g‘ri deb hisoblayman.
Yana bir jihat. Mamlakatimiz fuqarolarini turli yo‘llar bilan xorijiy oliy o‘quv yurtlariga (yaqin xorijiy mamlakatlar nazarda tutilmoqda) o‘qishga kiritish, eng qizig‘i bir yildan keyin O‘zbekistonning har qanday oliy o‘quv yurtlariga o‘qishini ko‘chirib berishda “amaliy yordam” ko‘rsatadigan konsalting firmalari, go'yo yomg‘ir yoqqandan so‘ng qo‘ziqorinlar qanday ko‘paysa, shunday ko‘payib ketdi. Albatta, hukumatimiz tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida bunday salbiy holatning oldi olinmoqda.
Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan qarorlariga asosan 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab talabalar o‘qishini xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim muassasalaridan O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan taʼlim yo‘nalishlariga ko‘chirishga ruxsat etilmaydi. Buni oddiy tilda tushuntiradigan bo‘lsak, xorijiy oliy taʼlim muassasalarining noturdosh taʼlim yo‘nalishlarida o‘qigan talaba o‘qishini Toshkent moliya institutining birorta taʼlim yo‘nalishiga ko‘chira olmaydi.
Biz yuqorida “tashqi ko‘chirish” deb nom olgan talabalar o‘qishini ko‘chirishning ayrim xususiyatlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdik. Holbuki, talabalar o‘qishini “ichki ko‘chirish” ham mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyundagi “Davlat oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-279-son qaroriga muvofiq 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat oliy taʼlim muassasasining biridan boshqasiga o‘qishini ko‘chirishga faqatgina talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy taʼlim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun va davlat organlari xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida ruxsat beriladi. Boshqa holatlarda talabalar o‘qishini ko‘chirish mumkin bo‘lmaydi.
Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari, ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimga o‘qishga kirish uchun abituriyentlar maxsus elektron dasturlar orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tgani kabi xorijiy va milliy oliy o‘quv yurtlaridan o‘qishini boshqa oliy taʼlim muassasalariga ko‘chirayotgan fuqarolar uchun ancha qulaylik yaratildi. Ushbu o‘quv yilida o‘qishini xorijiy va nodavlat oliy taʼlim muassasalaridan ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining my.dtm.uz sayti va respublikaning bir oliy taʼlim muassasasidan boshqa oliy taʼlim muassasasiga yoki bir oliy taʼlim muassasasi doirasida o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar transfer.edu.uz rasmiy saytlari orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Xulosa o‘rnida taʼkidlash kerakki, talabalar o‘qishini ko‘chirish borasida yo‘lga qo‘yilgan yangi tizim oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshishiga, shuningdek, fuqarolar tomonidan o‘qishini ko‘chirishda masʼuliyat bilan yondashishlariga, eng asosiysi, o‘z bilimlarini yana-da kuchaytirishlariga turtki bo‘lishi aniq. Bu albatta, yuqori malakaga ega bo‘lgan oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
T.Teshabayev
Toshkent moliya instituti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor