Uch tomonlama hamkorlik taraqqiyotga xizmat qiladi

Uch tomonlama hamkorlik taraqqiyotga xizmat qiladi

 

2023-yil 3-mart kuni Toshkent moliya institutida BMT Taraqqiyot dasturi (United Nations Development Programme) va Oʻzbekiston sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari uyushmasi bilan hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
 

Toshkent moliya institutining Oʻquv ishlari boʻyicha prorektori S.Mexmonov mazkur tashkilotlar vakillarini institutga tashrifi bilan samimiy qutlar ekan, ular bilan hamkorlikda koʻzda tutilgan loyihalarni amalga oshirish uchun institutda barcha shart-sharoitlar mavjudligi va bu borada institut hamkorlikka tayyor ekanligini maʼlum qildi.



 

BMT taraqqiyot dasturi loyiha rahbari O.Gʻaybullayev “Sugʻurta va risklarni moliyalashtirishni takomillashtirish” loyihasi doirasida Toshkent moliya institutining 60410600-Sugʻurta ishi bakalavriat taʼlim yoʻnalishida oʻqitiladigan “Sugʻurta ishi” fani dasturiga “Inklyuziv sugʻurta” va 70410601-Sugʻurta ishi magistratura mutaxassisligida oʻqitiladigan “Sugʻurtada risk menejmenti” fani dasturiga “Risklarni moliyalashtirish” mavzularini kiritish maqsadga muvofiqligini alohida taʼkidladi.



 

Oʻzbekiston sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari uyushmasi kengashi raisi O.Xalilov BMT Taraqqiyot dasturi loyihasi koʻmagida Toshkent moliya institutida sugʻurta sohasi xodimlarining bilim va koʻnikmalarini oshirish boʻyicha Trening markazini tashkil etishda uyushma har tomonlama yordam berishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.




 

Uchrashuv yakunida Toshkent moliya instituti huzurida sugʻurta sohasi boʻyicha Trening markazini tashkil etish, hamkorlikda davra suhbatlari, forum va konferensiyalar uyushtirishga kelishib olindi.

 

20:00 / 2023-03-04
Success helper
Success warning