Toshkent moliya institutining xalqaro hamkorligi kengaymoqda
2022-yil 22-aprel kuni Toshkent moliya instituti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori S.Mehmonov Sibir Federal universiteti (Krasnoyarsk) Biznes jarayonlarni boshqarish instituti direktorining xalqaro ishlar bo‘yicha o‘rinbosari S.Ershova bilan uchrashdi.
Muzokara chog‘ida tomonlar o‘quv jarayonini takomillashtirish, talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvi hamda Sibir Federal universiteti vakillari ishtirokida o‘quv-metodik adabiyotlarni birgalikda tayyorlash sohasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning istiqbollarini muhokama qildilar.
Shuningdek, uchrashuvda ilmiy maqola va monografiyalarni hamkorlikda yozish, moliya-bank sohasining dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha mahorat darslarini tashkil qilish masalalari ham muhokama qilindi.
S.Mehmonov Rossiya oliy o‘quv yurtining vakiliga taʼlim tizimi sifatini oshirish, professor-o‘qituvchilarning salohiyatini mustahkamlash hamda mazkur oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan atroflicha maʼlumot berdi.
O‘z navbatida, Ye.Ershova institut rahbariyatiga samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirdi hamda Toshkent moliya instituti va Sibir Federal universiteti o‘rtasida keng qirrali hamkorlik o‘rnatilishida amaliy ko‘mak berishini taʼkidladi. Rossiya universitetining vakili Sibir Federal universitetining yozgi maktabi negizida Toshkent moliya institutining talabalari uchun barcha xarajatlarni Rossiya tomonidan qoplanishi hisobiga iqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Toshkent moliya instituti va Sibir Federal universiteti o‘rtasida hamkorlik qilish bo‘yicha Bitim imzolashga kelishib olindi.