“O‘zbekistonda xalqaro moliya munosabatlarini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari” mavzusida xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi
Toshkent moliya institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi PF-158-son “O‘zbekiston-2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi va 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, mamlakatimizning xorijiy mamlakatlar va xalqaro moliya institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish orqali milliy iqtisodiyotning eksport, investitsiya salohiyatini oshirishning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash maqsadida “O‘zbekistonda xalqaro moliya munosabatlarini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari”ga bag‘ishlangan xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya xalqaro iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, tashqi savdo munosabatlarini yanada faollashtirish, tashqi savdoni bojxona to‘lovlar bilan tartibga solish jarayonlarini liberallashtirish, xalqaro moliya institutlari bilan aloqalarni kengaytirish, islom moliyasini rivojlantirish, “yashil iqtisodiyot”ni moliyalashtirish, jalb qilingan xorijiy investitsiya va kreditlardan samarali foydalanish bilan bog‘liq dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashish asosida ilmiy asoslangan, amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan takliflar ishlab chiqishga xizmat qildi.