Xorij universitetida maʼruzalar va mahorat darslari
Maʼlumki, institutning Bank ishi kafedrasi mudiri, i.f.d., professor Akrom Omonov AQSHning Massachusetts shtati, Boston shahridagi Suffolk universitetida oʻzaro tajriba almashish, xorijlik professorlarning tegishli fanlardan darslariga kirish, oʻz navbatida ularning talabalariga maʼruzalar va mahorat darslarini oʻtish hamda Toshkent moliya instituti bilan ilmiy va amaliy tajriba oshirish yoʻnalishlari boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida xizmat safarida boʻlib turibdi.
Mazkur ishlar doirasida Toshkent moliya instituti professori A.Omonov oktyabr oyining oxirgi ikki haftasining tegishli kunlarida Suffolk universiteti Business Administration mutaxassisligidagi magistrlarga “Banking System of the Central Asian Countries: In case Monetary Policy of the Central Bank of Uzbekistan” mavzusida maʼruzalar oʻqidi. Bundan tashqari, mazkur universitetning bakalavr taʼlim yoʻnalishidagi talabalarga noyabr oyida “Economic and Social Reforms in Uzbekistan and their Results in last five years” mavzusida mahorat darslarini oʻtish rejalashtirilgan.
Yuqorida taʼkidlangan xalqaro hamkorlik natijalari Toshkent moliya institutining mahalliy va xalqaro reytinglarda yanada yuqori oʻrinlarni egallashiga xizmat qiladi degan umiddamiz.