Toshkent moliya institutining zamonaviy shart-sharoitlarga ega yangi oʻquv binosining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi
Joriy yilning 29-sentyabr kuni Toshkent moliya institutining zamonaviy shart-sharoitlarga ega yangi oʻquv binosining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Mazkur tadbirda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshkulov, Yunusobod tuman hokimi Bahodir Abduvaliyev, institut rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, talaba-yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Institut oʻz mablagʻlari hisobidan bunyod etilgan 11,6 mlrd. soʻmlik 1 200 oʻrinli ushbu oʻquv binosi oliygohning asosiy hududida joylashgan. 4 qavatli ushbu oʻquv bino auditoriyalari bugungi zamon taʼlim jarayoni va tendensiyalariga mos innovatsion axborot texnologiyalari bilan, xususan, smart monitorlar, koʻp funksiyali 75 dyumdagi elektron panel, tezkor internet, wi-fi qurilmalari bilan jihozlangan.
Bundan tashqari yangi oʻquv binosida axborot-resurs markazi ham oʻrin olgan boʻlib, ARM zamonaviy, avtomatlashtirilgan RFID texnologiyasi bilan jihozlangan. Axborot resurs markazida doimiy ravishda maʼlumot-axborot xizmatini koʻrsatuvchi maxsus boʻlim (reception), ortiqcha navbatlarni oldini olish, foydalanuvchilar uchun kutubxona xizmatlari sifatini yanada yaxshilash maqsadida mustaqil kitob olish va qaytarish qurilmalari, kutubxona faoliyati va fondidagi adabiyotlar haqida batafsil maʼlumot beruvchi info-kiosk, talabalar va professor-oʻqituvchilarni maxsus ID-karta orqali roʻyxatga olish uchun moʻljallangan qurilma, adabiyotlarni fonddan besabab chiqib ketishi (yoʻqolishi)ni oldini olish uchun moʻljallangan koʻp funksiyali himoya tizimi, adabiyotlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish uchun maxsus tayoqcha hamda adabiyotlarni elektron shaklga oʻtkazish uchun moʻljallangan maxsus skaner qurilmasi kabi texnik vositalar bilan jihozlangan.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, Toshkent moliya instituti milliy reytingda respublika oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida oʻtgan yilgi 5-oʻrindan joriy yilda 2 pogʻona koʻtarilib 3-oʻrinni egalladi. 2022-yil 27-aprelda THE Impact Rankings reytingida dunyoning Top-1000+ universitetlari qatoridan oʻrin olgan. Bugungi kunda, institutda jami - 15 274 nafar talaba: shundan kunduzgi taʼlim - 5 366 nafar, sirtqi taʼlim - 8 948 nafar, magistraturada - 372 nafar, qoʻshma fakultetida 286 nafar tahsil olishmoqda. Institutning asosiy korpusida 6 ta, Chimboy koʻchasida 1 ta oʻquv binosi mavjud boʻlib, umumiy sigʻim 6400 nafar. Oʻquv jarayoni 2 smenada olib borilmoqda.