Ekologiya

OTAMDAN MENGA MEROS, BOLAMDAN

QARZIM BO’LGAN VATAN.

 

       Bu dunyoda to tirik ekanmiz barchalarimiz atrofimizdagi olam har kuni yangilanib borishini hamda har bir kun umr deb atalmish daftarimizdan yangi sahifa ekanligini anglaymiz. Ushbu daftar varoqlari kechga borib yopilishi sizu bizni chuqur mushohada etishga va tafakkur qilishga undaydi, ortimizdan yaxshi iz qoldirishga, aqalli insoniyat uchun aziyat yetkazuvchi amallarni bajarmaslikka chorlaydi.

Yaratgan tomonidan jamiyki insoniyat uchun ato etilgan eng ulugʻ ne'matlardan biri – bu tabiatdir. Tiriklik manbai boʻlgan suvni, jamoat foydalanuvida boʻlgan umumiy yoʻllarni, kishilar hordiq olishlari mumkin boʻlgan soya salqin yerlarni, umuman olganda nabototni ifloslantirish odamgarchilikka togʻri kelmaydi. Bilaks, ulardan oqilona foydalanish, tejab-tergap ishlatish va hech qachon isrofga yoʻl qoʻymaslik asli insoniylikdan nishonadir.

Bizning Islom dinimiz qolaversa dunyodagi barcha dinlar kishilarni ezgulikka, birdamlikka hamda poklikka chorlaydi. Ajdodlarimizdan bizlargacha kelayotgan an'anada suvga qarab supurmaslik, unga tupurmaslik hamda hovli va koʻchalarga ahlat tashlamaslik doimiy targʻib qilingan. Bugun esa bazi kishilar xatti-harakatlarida tabiatga nisbatan insofsizlik holati yaqqol namoyon boʻlmoqda. Ming afsuslar boʻlsinki mamlakatimizning bazi hududlarida hamda jahonning qaloq davlatlarida qanchadan-qancha insonlar ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr tokiga muhtoj boʻlib turgan bir paytda, boshqa bir insonlar ana shu ne'matlarni isrofiga shunchaki koʻz yummoqdalar. Inson hayoti davomida juda koʻp sinovlarni boshdan oʻtkazadi: yoʻqchilik, ogʻriq, issiq hamda suvuqqa chidaydi, ammo insofsizlik deb atalmish illatga chiday olmaydi. Bugun tabiatga nisbatan salbiy munosabatda boʻlayotgan kishilar ham bizning nazarimizda insofsiz.

Hind diyori, Afrika qit'asining koʻplab davlatlari, qolaversa dunyoning turli-tuman shaharlaridagi ichimlik suvining yetishmovchiligi, havoning ifloslanish darajasining yuqorilashuvi oqibatida paydo boʻlayatgan turli kasalikklar bugun bizlarni atrofga ibrat nazari bilan qarashga va shukronalik ne'matini qalbga tugib, unga nisbatan yaxshi munosabatda boʻlmoqlikka undaydi. Bir narsani hech ham yoddan chiqarmasligimiz lozim: shaharlar-u qishloqlarimiz, koʻchalar va xonadonlarimizning obodligi avvalo oʻzimizga bogʻliq. Poklikni avvalambor oʻzidan, soʻng yaqinlari va ular qatorida oilasidan boshlagan shaxs insoniylik burchini toʻlaligicha ado eta olgan boʻladi. Rosululloh Sollollohu alayhi vasallam “Agar siz biror yomonlikni koʻrsangiz qoʻlingiz bilan qaytaring, agar buni qilolmasangiz tilingiz bilan qaytaring. Buni ham qila olmasangiz qalbingiz ila norozi boʻling. Ammo qalb ila norozi boʻlish iymoningiz zaifligidandir”[1] deb marhamat qilganlar. Bu hadisning ma’nosini tahlil qiladigan boʻlsak har bir komil inson yomonlikka qarshi doimiy ravishda kurash olib bormogʻi va atrofida boʻlayotgan salbiy holatlarga bee'tibor boʻlmaslikka undaydi. Bu esa insoniyat-baxti saodati uchun harakat demakdir. Hamisha aziz-u mukarram zot boʻlgan insonni e'zozlash, uning ma'naviy kamolotiga va hayotiy manfaatlariga xizmat qiluvchi tabiatni, unga oid har bir oʻsimlik, qushlar, hayvonot olami, jamiiyki tiriklik olamini asrar ekanmiz, ular kelajak avlodlarimizga bizlardan me’ros va ularning oldida bizning qarzimiz ekanligini tushunib olmog’imiz shart.

          Barcha qalbi iymon nuri bilan munavvar boʻlgan oqil inson biladiki Yaratganning ne’matlari juda moʻl. Agar yer yuzidagi jamiyki insonlar ushbu in’omlarning qadriga yetsalar hamda uning amaliy va qalb shukrini qilsalar albatta bu ne’matlar ziyoda qilib berilur. Ammo buning aksi boʻladigan boʻlsa falokatlar muqarrardir. Bu falokatlar bugun boʻlmasligi mumkin, lekin kelajak avlodlar bundan aziyat chekishlari ehtimoli mavjud.

Biz Vatan taqdiri va uning kelajagiga beparvo xalq emasmiz. Biz ne’matlarning qadrini u zavol topganda yoki yoqotilganda his etadigan millat emasmiz. Biz Ona Vatan, uning bir boʻlagi boʻlgan tabiat uchun qoʻlimizdan kelgan barcha yaxshiliklarni qilmogʻimiz, hech boʻlmaganda unga ziyon yetkazmoqlikdan saqlanmogʻimiz darkor. Tabiat, jamiyat, qolaversa butun insoniyat uchun qilayotgan har qanday amallarimizni chin yurakdan bajarishni odatga aylantiraylik, uni kimningdir koʻzi uchun ado etmaylik. Agar Vatan uchun, kelajak avlod uchun qilgan ezgu amallarimiz jamiyat tomonidan munosib koʻrilsa “shon-shuhrat” ni keyin boʻlishib olaveramiz.

 

«Baholash ishi va investitsiyalar» kafedrasi oʻqituvchisi

Muhamedov Baxtinur Baxtiyor oʻgʻli

 

 


[1] Islom.uz saytidan

Success helper
Success warning