Rektor akademik litsey o‘quvchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
2020-yil 21-yanvar kuni institut rektori U.Azizov institut tasarrufidagi akademik litsey o‘quvchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Ochiq muloqotda institut rektori litsey o‘quvchilariga bugungi kunda yoshlarning bilim olishlari va o‘z qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishlari uchun barcha sharoitlar yaratilganligini ta’kidladi. Ochiq muloqot jarayonida institut rektori U.Azizov o‘quvchilardan nima uchun Toshkent moliya institutining akademik litseyini tanlaganliklari bilan qiziqdi.
Muloqotda U.Azizov institutning 1-sonli talabalar turar-joyi va ijarada istiqomat qilayotgan litsey o‘quvchilarining turmush tarzi, o‘qishi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, guruh rahbarlarining talabalar turar-joyi va ijarada yashayotgan o‘quvchilar holidan doimo xabardor bo‘lib turishlari zarurligiga e’tibor qaratdi.
Institut rahbari akademik litseyda ta’lim sifati, fan to‘garaklarining tashkil etilishi va unda o‘quvchilarning qanchalik ishtirok etayotganligi yuzasidan litsey rahbariyatining mas’uliyatini oshirish zarurligini takidladi. Shuningdek, litsey o‘quvchilarini fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni olishlari uchun tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni tanqid qildi. U.Azizov ochiq muloqotda ishtirok etgan o‘quvchilarga matematika, ximiya fanlaridan savollar berdi hamda kelgusida litseyda o‘quvchilarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
Institut rektori uchrashuv so‘ngida litsey o‘quvchilariga ularning o‘qish va ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi hamda ikki oydan so‘ng yana institutda litsey o‘quvchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazishini ma’lum qildi.