Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi vakillari bilan uchrashuv

Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi vakillari bilan uchrashuv

25-mart kuni Toshkent moliya institutida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi vakillarining bitiruvchi kurs talabalari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida ishtirokchilar e’tiboriga Majburiy ijro byurosi faoliyatiga doir hujjatli film havola etildi.

Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi Kadrlar bo‘limi boshlig‘i, 1-darajali yurist Shahriyor Fayziev Majburiy ijro byurosining mustaqil huquqni muhofaza qiluvchi organ sifatidagi asosiy vazifalari, faoliyat olib boruvchi hodimlar maqomi, davlat ijrochilari va inspektorlarining vazifalari, hodimlarning ijtimoiy himoyasi haqida ma’lumot berib o‘tdi.

Bugungi kunda mazkur faoliyatdagi ishlarni yanada yaxshilashda sohaga malakali kadrlarni jalb etish dolzarb vazifa hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, bitiruvchi yoshlarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, ishga kirish tartiblari va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar xususida ma’lumotlarni kadrlar boʻlimi katta inspektori Umirbek Jumaniyozov hamda Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot tarmogʻi rahbari Marg’uba Amonova to‘liq ma’lumot berib o‘tishdi.

“…Byuroda xizmat qilish uchun yurisprudensiya, moliya, iqtisodiyot va boshqa sohalarda oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumotli, sog‘lig‘iga ko‘ra xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lgan, zarur kasb-kor va ma’naviy fazilatlarga ega O‘zbekiston fuqarolari qabul qilinadilar. Byuroga xizmatga qabul qilishda nomzodlarning belgilangan talablarga muvofiqligini o‘rganish maqsadida tekshirish hamda maxsus komissiya tomonidan bilim saviyasi, zarur kasb malakasi va ishchanlik qobiliyatini aniqlashga qaratilgan suhbat o‘tkaziladi. Muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan, sudlangan, nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etganligi uchun boshqa davlat organlaridan bo‘shatilgan shaxslar Byuroga xizmatga qabul qilinmaydi” - deya ma’lumotlarni yetkazdilar Majburiy ijro byurosi vakillari.

Shundan so‘ng, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan Byuroning mutasaddi vakillariga murojaat qildilar va batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar.

 

15:35 / 2021-01-06
Success helper
Success warning