“MILLIY LIBOSLAR – MILLATIMIZ VA MA’NAVIYATIMIZ KO’ZGUSI”
2019-yil 30-noyabr kuni Toshkent moliya institutida institut Xotin-qizlar Kengashi, “Qizlarjon” to’garagi, fakultetlar Xotin-qizlar boshlang’ich tashkilotlari faollari tashabbusi bilan “Milliy liboslar – millatimiz va ma’naviyatimiz ko’zgusi” mavzusida fakultetlararo bellashuv bo’lib o’tdi.
Tadbirda yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektor K.Karimova so’zga chiqib, o’zbekona kiyinish madaniyati, uning targ’iboti, kiyim tanlash, zamonaviy kiyinishda o’zbekona sharm-hayo me’yorlariga amal qilish, milliy an’analarimizni keng targ’ib qilish orqali urf-odat, an’ana va qadriyatlarimizga xos bo’lmagan g’arb va boshqa kiyinish madaniyatiga taqlidning oldini olish hamda yoshlarda milliy kiyinish madaniyatini shakllantirish maqsadida tashkil qilingan ushbu tadbirning institut hayotida an’anaviy tarzda o’tkaziladigan tadbirga aylanib qolishiga umid bildirdi.
Bellashuvda institutning 7 fakultetidan 100 dan ortiq talaba yigit-qizlar ishtirok etdilar. Jamoalar milliy qadriyatlarimizga bo’lgan hurmat, milliy urf-odat va an’analarimizga sadoqat, milliy liboslarning go’zalligini turli sahna ko’rinishlari, jozibali raqslar va milliy liboslar taqdimotlari orqali namoyish qildilar. Har bir fakultet jamoasining chiqishi o’ziga xosligi bilan ajralib turdi. Bellashuvni institutning katta hayotiy tajribaga ega bo’lgan ayol professor-o’qituvchilari va faxriy pedagoglaridan iborat hakamlar hay’ati baholab bordi.
Bellashuv natijalariga ko’ra, 148 ball bilan Soliqlar va sug’urta fakulteti jamoasi faxrli 1-o’rinni egalladi. Ikkita 2-o’ringa teng miqdordagi 147 ball bilan Moliya fakulteti va Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti jamoalari sazovor bo’ldilar. Bank ishi (139 ball), Byudjet hisobi va g’aznachilik (139 ball), TMI-Polotskiy qo’shma fakulteti (138 ball) va Iqtisodiyot (133 ball) fakultetlari jamoalariga, ularning mazmunli, ko’rkam va jozibali chiqishlarini hisobga olib, Hakamlar hay’ati barchalariga 3-o’rinni berishga qaror qildilar.
Bundan tashqari, tadbirning Tashkiliy guruhi tomonidan ta’sis etilgan “Eng jozibali jamoa” nominatsiyasi bo’yicha – Bank ishi fakulteti, “Eng quvnoq jamoa” nominatsiyasi bo’yicha – Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti, “Eng ijodkor jamoa” nominatsiyasi bo’yicha – Byudjet hisobi va g’aznachilik fakulteti, “Eng kreativ jamoa” nominatsiyasi bo’yicha – TMI-Polotsk qo’shma fakulteti jamoasi g’oliblikni qo’lga kiritdilar va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar. “Buvijonim kiygan liboslar” g’oyasini ilgari surgan bellashuv haqiqiy milliy liboslar festivaliga aylanib ketdi va ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
|