Oʻzbekiston Mustaqilligining oʻttiz yillik bayrami munosabati bilan Toshkent moliya instituti rektorining bayram tabrigi

Oʻzbekiston Mustaqilligining oʻttiz yillik bayrami munosabati bilan Toshkent moliya instituti rektorining bayram tabrigi

Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!

Muhtaram ustozlar, institutimiz xodimlari!

Aziz talabalar-yoshlar!

 

Avvalo, institutimiz professor-oʻqituvchilarini, xodimlarini va ertamiz ishonchi boʻlgan talabalarimizni jonajon Vatanimiz ­­­– Oʻzbekistonimiz mustaqilligining oʻttiz yilligi munosabati bilan shaxsan oʻzim va institut rahbariyati nomidan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

 

Sir emaski, hurriyat bor joyda yuksalish, milliy qadriyatlarni ulugʻlash, maʼnaviy — mafkuraviy taraqqiyot, iqtisodiy oʻsish boʻladi. 1991-yil 31-avgustida jonajon Vatanimiz mustaqillikka erishdi. Albatta, bu hurriyatning ortida ne-ne fidoiy, jonkuyar vatandoshlarimizning mehnatlari yotibdi.

 

Oʻtgan yigirma toʻqqiz yil mobaynida Mamlakatimiz ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan katta marralarga erishdi. Ayniqsa, soʻngi yillarda Mamlakatimizning dunyo hamjamiyati oldidagi mavqei ortib borayotgani fikrimizning dalilidir!

 

Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasi oʻlaroq, bugun Respublikamizning turli jabhalarida oʻzgarishlar, yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Tom maʼnoda, Oʻzbekistonda yangi uygʻonish — Uchinchi Renessans davri boshlandi. Siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy hayotdagi islohotlar va yangilanishlar, tobora obod boʻlib borayotgan shahar va qishloqlar, yangi-yangi zamonaviy korxonalar, oʻquv maskanlari, madaniy-maishiy inshootlar, koʻprik va yoʻllar, bir soʻz bilan aytganda, iqtisodiyotning tobora oʻsib, mustahkam boʻlayotganligining guvohi boʻlib turibmiz.

 

Xususan, iqtisodiyotning yuksalishiga, Toshkent moliya instituti yetakchi professor-oʻqituvchilaridan taʼlim olib, yetuk mutaxassis boʻlib yetishayotgan yoshlarning ham hissasi beqiyos. Ular oʻzlarining institutda olgan bilimlarini vatanimiz ravnaqi yoʻlida hormay-tolmay safarbar qilmoqdalar.

 

Institutimizning oldiga qoʻygan eng oliy maqsadlaridan biri Respublikamizda iqtisodiyot va moliya-kredit sohasida xalqaro darajada raqobatbardosh boʻlgan malakali kadrlar tayyorlash hisoblanadi. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻsagʻasida biz xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishga, chuqur integratsiyalashgan iqtisodiy makonga, yagona kommunikatsiya va axborot tizimiga kirish uchun shaxdam qadam qoʻymoqdamiz. Bosgan qadamimiz qatʼiyatli va ishonchli boʻlishi uchun esa bizga oʻz Vatanini sevadigan, bugungi kun talab va takliflari asnosida ishlay oladigan zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar zarur.

 

Institut tashkil etilgan kundan boshlab oʻttiz yil davomida  ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirishga doimo eʼtibor berib kelinayotganligini alohida qayd etish lozim. Agar 2000-yilda fan doktorlarining soni 13 nafarni, fan nomzodlarining soni 111 nafarni tashkil etgan boʻlsa, 2020-yil yakuniga kelib fan doktorlari soni 32 nafarga teng boʻlgan yoki 2,5 barobarga koʻpaygan. 2021-yil 1-sentyabr holatiga fan doktorlari soni 39 nafarga yetdi. Shunisi ahamiyatliki, 2015-yilga qadar institutda 40 yoshga toʻlmagan fan doktorlari umuman mavjud boʻlmagan boʻlsa, 2020-yil yakuniga kelib ularning soni 8 nafarni, 2021-yil 1-sentyabr holatiga 11 nafarni tashkil etmoqda. 2017-yildan boshlab soʻnggi 5 yil davomida institut ilmiy salohiyati muntazam oʻsish tendensiyasiga ega boʻlgan. Bunday barqaror oʻsishning asosiy sababi, yuqorida qayd etilganidek, institut huzurida ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashning tashkil etilganligi boʻldi.  2016-yilda institut boʻyicha birorta doktorlik dissertatsiyasi himoya qilinmagan boʻlsa, 2020-yilda jami 49 nafar professor-oʻqituvchilar, mustaqil izlanuvchilar va doktorantlar tegishli ilmiy daraja olish uchun dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildilar. Ularning 6 nafari fan doktori (DSc) va 43 nafari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalariga ega boʻldi.

 

Bugungi kunda institutning kadrlar tayyorlovchi kafedralari tomonidan oʻquv jarayonini kredit-modul tizimiga oʻtkazish boʻyicha barcha meʼyoriy-uslubiy hujjatlar (DTS, Malaka talablari, oʻquv rejalar, fan dasturlari, sillabuslar) ishlab chiqilmoqda.

 

Muxtasar qilib aytganda, institut professor-oʻqituvchilari, olim va tadqiqotchilari tomonidan amalga oshirilgan ilmiy-innovatsion faoliyat natijalari mustaqilligimizning oʻttiz yilligiga munosib natija boʻladi degan umiddaman.

 

Yana bir bor Vatanimiz mustaqilligining oʻttiz yillik bayrami bilan siz azizlarni va siz orqali oila aʼzolaringizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon boʻlsin!

 

Barchangizga bayram muborak boʻlsin!

 

 

Toʻlqin Teshabayev,

Toshkent moliya instituti rektori,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

21:26 / 2021-09-01
Success helper
Success warning