Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi
|
“Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi Qonun 1992 yil 2 iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida qabul qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi quyidagi koʻrinishga ega: togʻlar, daryolar va soʻl tomoni bugʻdoy boshoqlaridan, oʻng tomoni esa chanoqlari ochilgan gʻoʻza shoxlaridan iborat chambarga oʻralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi. Gerbning yuqori qismida Respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan boʻlib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida “Oʻzbekiston” deb yozib qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli koʻrinishida: Humo qushi va daryolar — kumush rangda; quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va “Oʻzbekiston” yozuvi — oltin rangda; gʻoʻza shoxlari va barglari, togʻlar va vodiy — yashil rangda; chanoqlardagi paxta — oq rangda; lenta — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda; sakkizburchak — oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda; yarim oy va yulduzlar — oq rangda tasvirlangan.
|