“Adiblar xiyoboni”da atoqli adibimiz Abdulla Qahhor hayoti va ijodiga bagʻishlangan navbatdagi tadbir boʻlib oʻtdi

“Adiblar xiyoboni”da atoqli adibimiz Abdulla Qahhor hayoti va ijodiga bagʻishlangan navbatdagi tadbir boʻlib oʻtdi


Atoqli adibimiz Abdulla Qahhorning bizga qoldirgan badiiy merosi bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Uning choʻng va zargarlik bilan yaratilgan har bir asarida boqiy haqiqat muhri va shukuhi bor. Bunday zalvorli asarlar, shak-shubhasiz, yosh avlod ongu tafakkurini boyitishda maʼnaviy kuch-qudratga ega bebaho merosdir. Yozuvchining oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi eʼzoz bilan tilga olinmoqda, adib xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar esa davomli tashkil etilib kelinmoqda.

Xususan, joriy yilning 22-iyun kuni “Adiblar xiyoboni”da Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor haykali qoshida ana shunday shukuhli tadbir tashkil etildi.



Unda institut Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlash boʻyicha birinchi prorektor v.v.b U.Narbayev, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Toshkent moliya instituti adabiy maslahatchisi, taniqli shoir Bobur Bobomurod,  “Oʻzbek va rus tillari” kafedrasi, “Tabiiy-ilmiy va gumanitar fanlar” kafedrasi professor-oʻqituvchilari, “Moliyachi gulshani” ashula va raqs ansambli jamoasi hamda Sirtqi fakultet talaba-yoshlari ishtirok etishdi.





– Atoqli adibimiz, oʻzbek adabiyotining yorqin vakili Abdulla Qahhor ijodini tahlil qilish, ularni yoshlarimizning ong-u shuuriga singdirish, targʻib qilish borasida institutimiz tomonidan koʻpgina amaliy ishlar qilinmoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi, albatta. Xususan, “Adiblar xiyoboni”da belgilangan reja-grafik asosida oʻtkazilayotgan koʻtarinki ruhdagi tadbirlarimiz ham shular jumlasidandir. Bu kabi uchrashuvlar, xotira kechalari, kitobxonlik bayramlarini yanada koʻproq va yanada keng qamrovliroq oʻtkazishni reja qilganmiz. Oʻylaymanki, bu kabi tadbirlarimiz buyuk adibimizning ijodini oʻrganish yoʻlidagi debochadir, – dedi U.Narbayev tadbirni ochib berar ekan.





Shundan soʻng, taniqli shoir Bobur Bobomurod soʻzga chiqib, A.Qahhor ijodi naqadar xalqchil va keng qamrovli ekanligiga alohida toʻxtalib oʻtdi. “Tabiiy-ilmiy va gumanitar fanlar” kafedrasi dotsent v.b Raʼno Azimbayeva, oʻqituvchi Hakim Xudoyberdiyev, “Oʻzbek va rus tillari” kafedrasi dotsent v.b Shaxnoza Maxkamovalar ham adibimiz haqidagi iliq xotiralarni yod etib, yozuvchining asarlaridagi gʻoya bugun ham dolzarb ekanligiga alohida toʻxtalib oʻtishdi.





Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga Abdulla Qahhor haykali yonidagi infokioskaga joylangan maxsus maʼlumotlar ham taqdimot qilindi.







Tadbir davomida institutning “Moliyachi gulshani” ashula va raqs ansambli tomonidan badiiy chiqishlar namoyish etildi.




 

15:00 / 2022-06-22
Success helper
Success warning