Bank-moliya terminlari o'zbek lug'ati

Bank-moliya terminlari o'zbek lug'ati

Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan Toshkent moliya institutida yaqindagina nashrdan chiqqan “Bank-moliya terminlarining o‘zbek tilidagi izohli lug‘ati” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

 

O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan ulkan o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan tub islohotlar, ilm-fan taraqqiyoti, boshqa davlatlar bilan olib borilayotgan yaqin ijtimoiy-iqtisodiy aloqalar tilimizda o‘z lisoniy ifodasini topmoqda. Jamiyat hayotini bank-moliya tizimisiz tasavvur qila olmaymiz. Shunga ko‘ra, respublikada milliy terminlarni o‘rganishga ulkan ehtiyoj mavjud.

 

Ana shu ehtiyojdan kelib chiqib, davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan respublikamizdagi bir guruh olimlar va tadqiqotchilar tomonidan yaratilgan mazkur lug‘at hozirgi o‘zbek tilida keng isteʼmolda bo‘lgan sakkiz yuzdan ortiq bank-moliya terminlari, tushuncha va iboralarining izohini o‘zida jamlaydi. Lug‘atda berilgan terminlarning amalda qo‘llanishi sohaga oid meʼyoriy hujjatlar, o‘quv adabiyotlari, matbuotdan olingan misollar bilan ochib berilgan.

 

Lug‘atdan bank-moliya muassasalari xodimlari, oliy o‘quv yurtlari talabalari, tadqiqotchilar, soha bo‘yicha malaka oshirish kurslari tinglovchilari hamda barcha qiziquvchilar foydalanishi mumkin.

 

“Bank-moliya terminlarining o‘zbek tilidagi izohli lug‘ati” kitobi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti buyurtmasi asosida O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Innovatsiya-Ziyo” nashriyotida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ko‘p ming nusxada nashr qilindi.

 

Tadbirda iqtisodchilar, tilshunos olimlar, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, Toshkent shahar va tuman hokimlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

 

 

Dilshod Bo‘riyev,

Moliya vazirining maslahatchisi

 

 

18:36 / 2021-04-28
Success helper
Success warning