Mustaqilligimizning o'ttiz bir yilligi bayrami munosabati bilan Toshkent moliya instituti rektorining bayram tabrigi
Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!
Muhtaram ustozlar, ishchi-xodimlar!
Aziz talaba-yoshlar!
Mana shunday shukuhli-quvonchli kunlarda institutimizda faoliyat yuritayotgan muhtaram ustozlarni va xodimlarni, ertamiz ishonchi boʻlgan aziz talabalarni jonajon Vatanimiz - Oʻzbekistonimizning Mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan oʻzim va institut rahbariyati nomidan samimiy qutlayman.
Oʻtgan oʻttiz bir yil mobaynida mamlakatimizda ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan katta marralarga erishildi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda vatanimizda boʻlayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, yangi islohotlar va yuqori marralar - Yangi Oʻzbekiston ertasining nurafshonligi mujdasidir. Shuningdek, soʻnggi yillarda oliy taʼlimni tizimli isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori intellektual salohiyatli kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan tubdan yangi bosqichga koʻtarildi.
Eʼtirof etish joizki, keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlariga hamda xalqaro standartlar talablariga toʻla mos keladigan oliy taʼlim tizimini yaratish boʻyicha yuqori natijalarga erishildi, jumladan, oliy taʼlimni modernizatsiya qilish, ilgʻor taʼlim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish borasida sezilarli ishlar qilindi. Albatta, respublika iqtisodiyotining jadal rivojlanishiga mazkur sohada yetishib chiqayotgan kadrlar masalasi bilan bevosita bogʻlik ekanligi taʼkidlash lozim.
Toshkent moliya instituti esa Mamlakatimizdagi iqtisodiyotning moliya soxasiga mutaxassis kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy taʼlim muassasi hisoblanadi. Institutda taʼlim jarayoni bugungi zamonaviy taʼlim standartlariga mos holda tashkil etilgan boʻlib, ilmiy salohiyatini yanada oshirish borasida katta hajmli ishlar olib borilmoqda. Mazkur amaliy harakatlar natijasi oʻlaroq, oliy taʼlim muassasalarining milliy va xalqaro reytinglarida yuqori oʻrinlarni egallab kelmoqda.
Taʼkidlash kerakki, institutimiz mahalliy va xorijiy eʼtirof etilgan reytinglarda oʻrnini yanada koʻtarish hamda bugungi mehnat bozoriga raqobatbardosh, bilimli, tajribali va kreativ kadrlarni tayyorlash ayni vaqtdagi oldiga qoʻygan eng ulkan va asosiy maqsadlardan biri hisoblanadi. Ishonamanki, Toshkent moliya instituti yutuqlar bilan bundan buyon ham mamlakatimiz moliya-bank tizimida ilm-fan, taʼlimning innovatsion infratuzilmasini rivojlantirishda yangi vazifalarni hal etishga qaratilgan saʼy harakatlarini davom ettiradi.
Hurmatli hamkasblar, qadrli talaba-yoshlar!
Yana bir bor Vatanimiz mustaqilligining oʻttiz bir yillik bayrami bilan siz azizlarni va siz orqali oila aʼzolaringizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon boʻlsin!
Barchangizga mana shu eng ulugʻ, eng muqaddas bayram muborak boʻlsin!
Toʻlqin TESHABOYEV,
Toshkent moliya instituti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.