Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan Toshkent moliya instituti rektorining tabrigi!

Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan Toshkent moliya instituti rektorining tabrigi!

 

Hurmatli professor-oʻqituvchilar, aziz talabalar!

 

Bugun butun musulmon olamida ulugʻ ayyom, muqaddas bayram Qurbon hayiti keng nishonlanmoqda. Ushbu saodatli kun munosabati bilan institutimiz professor-oʻqituvchilari, ishchi-xodimlari va talaba-yoshlarini chin qalbimdan samimiy tabriklayman!

 

Oʻzbekistonda olib borilayotgan “Inson qadrini ulugʻlash” tamoyili asosidagi keng koʻlamli islohotlar zamirida har kimning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash kabi dolzarb masalalar yotibdi. Shuningdek, mamlakat taraqqiyoti, ravnaqi bevosita taʼlimga qaratiladigan eʼtibor bilan ham uzviy chambarchasdir. Har bir millatning ravnaq topishida ilmning, ilmiy faoliyatning, bugungi zamonaviy nigoh bilan nazar tashlaydigan boʻlsak, taʼlimning innovatsion usullarining oʻrni beqiyos. Qayd etish joizki, muqaddas islom dinimiz ilm talab qilishni har bir musulmonga beshikdan qabrgacha farz qilgan. Bir harf, bir soʻz, bir jumla boʻlsa ham oʻrganib, unga amal qilishga kirishaylik. Oila aʼzolarimiz, bolalarimizni ham ilmga qiziqtiraylik. Ilm oʻrganayotgan talaba-yoshlarimizni qoʻllab-quvvatlaylik hamda ularga dalda boʻlib, oʻzlari tanlagan yoʻl qanchalar ulugʻ ekanini tushuntiraylik.

 

Bugun yurtimizda aholiga, xususan, yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar tahsinga loyiq. Ayniqsa, yoshlarimiz har taraflama yetuk va barkamol avlod boʻlishlariga barcha imkoniyatlar eshigi ochiq. Bu yaratilgan sharoitlardan unimli foydalanib, yurtimiz ravnaqiga oʻzini salmoqli hissasini qoʻshadigan ilm va kasb egasi boʻlishga harakat qilish ham qarzimiz ham farzimizdir.

 

Respublika iqtisodiyotining jadal rivojlanishiga mazkur sohada yetishib chiqayotgan kadrlar masalasi bilan bevosita bogʻliq ekanligini taʼkidlash lozim.

 

Toshkent moliya instituti esa mamlakatimizdagi iqtisodiyotning moliya sohasiga mutaxassis kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Soʻz oʻrnida aytish lozimki, Toshkent moliya institutida ilmni rivojlantirish, ilmiy faoliyatni ragʻbatlantirish, zamonaviy mehnat bozoriga talabalarni yanada raqobatbardosh kadrlar qilib tayyorlash, mamlakatimizning moliya-iqtisod sohalarini yanada takomillashtirish borasida keng koʻlamli amaliy va ilmiy ishlar qilinmoqda. 

 

Mazkur amaliy harakatlar natijasi oʻlaroq, oliy taʼlim muassasalarining milliy reytingida institutimiz 5-oʻrinni, ilmiy salohiyat koʻrsatkichi boʻyicha esa 1-oʻrinni egalladi. Bundan tashqari, Buyuk Britaniyaning nufuzli reyting agentligi - Times Higher Education tomonidan ilk marotaba dunyoning yetakchi universitetlari reytingida REPORTER maqomi boʻyicha eʼtirof etildi. Shuningdek, mazkur xalqaro tashkilotning Osiyo universitetlari reytingi (Asia University Rankings 2022) da Toshkent moliya instituti mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari orasida birinchi oʻrinni qayd etdi.

 

Kadrlar buyurtmachilari tomonidan institut bitiruvchilariga 5000 dan ortiq buyurtmalar olingan boʻlib, ularning 20% davlat organlari, 25 % tijorat banklari va kredit muassasalari, 30% xususiy sektor vakillari, 5% sugʻurta tashkilotlari va 20% boshqa tashkilotlardan kelib tushgan. Institut bitiruvchilarining ish bilan taʼminlanganlik darajasi 95 % ni tashkil etmoqda.

 

Talabalar erishayotgan yutuqlarga ham alohida toʻxtalib oʻtish lozim. Xususan, birgina 2021/2022 oʻquv yilida bir nafar magistr, bir nafar bakalavr hamda bir nafar doktorant Prezident, bir nafar bakalavr Islom Karimov nomidagi, 3 nafar bakalavr bosqichi talabalari esa Alisher Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi sohiblariga aylanishdi. Shuningdek, institutda “Abdulla Qahhor nomidagi stipendiya” va “Rektor stipendiyasi” joriy qilgan boʻlib, mazkur oʻquv yilida 10 nafar iqtidorli talabalar ushbu stipendiyalarga loyiq deya topildi. Oʻtgan 30 yil davomida 20 nafardan ortiq institut talabalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi sovrindori boʻlgan. Talabalarimizning erishayotgan bunday yutuqlari, albatta, bizni quvontiradi va faxr tuygʻusini uygʻotadi. 

 

Talabalarimizning mana shunday ulkan natijalarni qayd etishlarida institutimizda faoliyat yuritayotgan ustozlarning, professor-oʻqituvchilarning ham mehnatlarini eʼtirof etmasdan ilojimiz yoʻq. Dono xalqimizda “Ustoz – otangdek ulugʻ” degan purmaʼno fikr ham bejizga emas. Institutimiz erishayotgan ulkan natijalarda, talabalarimiz quchayotgan zafarlarda, albatta, ustozlarimizning mehnatlari yotibdi. 

 

Oʻylaymanki, bu hali erishayotgan natijalarimizning debochasi, kelgusida katta maqsadlarni, marralarni, ezgu niyatlarni oldimizga qoʻyganmiz. 

 

Institutimiz ahil jamoasi! Qadrli talabalar!

 

Fursatdan foydalanib yana bir bor ushbu ulugʻ va muqaddas ayyom bilan Sizlarni muborakbod etaman. Sizga oilaviy tinchlik, sihat-salomatlik, baxtu-saodat tilayman!

 

Ayyomingiz muborak boʻlsin!

 

Toʻlqin Teshabayev,

 

Toshkent moliya instituti rektori,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

21:02 / 2022-07-08
Success helper
Success warning