YANGI YIL BAYRAMI MUNOSABATI BILAN TOSHKENT MOLIYA INSTITUTI REKTORINING BAYRAM TABRIGI

YANGI YIL BAYRAMI MUNOSABATI BILAN TOSHKENT MOLIYA INSTITUTI REKTORINING BAYRAM TABRIGI


Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!

 

Muhtaram ustozlar, ishchi-xodimlar!

 

Aziz talaba-yoshlar!

 

Mana shunday bayramona, quvonchli kunlarda institutimizda faoliyat yuritayotgan muhtaram ustozlar va xodimlarni, kelajagimiz tayanchi boʻlgan aziz talaba-yoshlarni yangi yil bayrami munosabati bilan chin qalbimdan oʻzim va institut rahbariyati nomidan samimiy qutlayman!

 

Avvalo, taʼkidlab oʻtishimiz joizki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda oliy taʼlim qamrovini kengaytirish, taʼlim sifatini yanada oshirishga qaratilgan amaliy saʼy-harakatlar olib borilmoqda. Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning joriy yil 20-dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasida taʼlim sifatini oshirish – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻli ekanligi alohida taʼkidlanib, taʼlim tizimi yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqilishi, mazkur sohada islohotlar izchillik bilan davom ettirilishi qayd etildi hamda 2023-yilga yurtimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deb nom berilishi taklif etildi. Albatta, sifatli taʼlim – davlat va jamiyat taraqqiyotining asosiy omili hisoblanadi. Xususan, Toshkent moliya institutida ham taʻlim sifatini oshirish, institut professor-oʻqituvchilarining ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish, bugungi mehnat bozoriga raqobatbardosh kadrlarni yetkazib berish borasida qator amaliy harakatlar, shuningdek, xorijiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish, xalqaro reytinglar va loyihalarda ishtirok etish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Mazkur amaliy harakatlar natijasi oʻlaroq, institutimiz Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi tomonidan Respublikadagi Oliy taʼlim muassasalarining umumiy reytingida 3-oʻrinni, ijtimoiy-gumanitar soha boʻyicha Oliy taʼlim muassasalari reytingida 2-oʻrinni, 2022-yilning noyabr holatiga QS Rankings reytingida Osiyo davlatlari universitetlari ichida 551 – 600-oʻrinda va Markaziy Osiyo universitetlari orasida 29-oʻrinda, Oʻzbekiston Oliy taʼlim tashkilotlari ichida 3-oʻrinda ilk bora qayd etildi. Shuningdek, Toshkent moliya instituti Times Higher Education agentligi “World University Rankings – 2023” “TOP-1000 talik” reytingdan joy olish uchun davogar oliygoh sifatida eʼtirof etildi.

 

Institutda 2022-yilda ham doktorlik dissertatsiyalari ustida ilmiy-tadqiqotlar samarali olib borildi. Institut professor-oʻqituvchilari, doktorant va mustaqil izlanuvchilari tomonidan 2022-yilda jami 55 nafar fan doktori(DSc) va falsafa doktori(PhD) ilmiy darajalarini olish uchun dissertatsiya ishlari himoya qilindi. Institutda olingan natijalarni ishlab chiqarishga joriy etish va ilmiy faoliyat natijaviyligini yanada samarali amalga oshirish maqsadida 13 ta, jumladan 5 ta xalqaro, 5 ta respublika hamda 3 ta vazirlik miqyosida ilmiy-amaliy konferensiyalar yuqori saviyada tashkil etildi.

 

Institutda “fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi” uzluksizligini ta’minlash yuzasidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilib, soha korxona-tashkilotlari, tijorat banklari bilan taʼlimni modernizatsiya qilish, ilgʻor taʼlim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, talabalar bandligini taʻminlash, yoshlarimizning amaliy bilim va koʻnikmalarini oshirish borasida qator hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari, yangi oʻquv yili boshida bugungi zamon taʼlim jarayoni va tendensiyalariga mos innovatsion axborot texnologiyalari bilan jihozlangan, zamonaviy shart-sharoitlarga ega yangi oʻquv binosi foydalanishga topshirildi.

 

Bundan tashqari talabalarimiz tomonidan erishilayotgan ulkan yutuqlarni ham ta’kidlab oʻtishimiz lozim. Xususan, talaba-yoshlarimiz xalqaro hamda respublika miqyosidagi intellektual, sport musobaqalari, olimpiada va tanlovlarda munosib qatnashib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritib kelishmoqda. Albatta, Toshkent moliya institutining qator sohalar boʻyicha salohiyati va nufuzi oshishida institutimiz jamoasining mehnatlari beqiyosdir.

 

 

Hurmatli professor-oʻqituvchilar, ishchi-xodimlar!

 

Aziz talabalar!

 

Fursatdan foydalanib, yana bir bor Sizni kirib kelayotgan yangi 2023-yil bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Mamlakatimiz taraqqiyoti yoʻlida amalga oshirayotgan barcha ezgu ishlaringizda omad va yutuqlar yor boʻlsin. Yangi 2023-yilda Sizga ulkan zafarlar, mustahkam sogʻlik, oila-aʼzolaringizga baxt-saodat, xonadoningizga tinchlik va fayzu baraka tilayman!

 

Yangi yil barchamizga muborak boʻlsin!

 

T.Teshabayev

Toshkent moliya instituti rektori

12:13 / 2022-12-31
Success helper
Success warning