1-OKTABR “O’QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI” MUNOSABATI BILAN TOSHKENT MOLIYA INSTITUTI REKTORINING BAYRAM TABRIGI

1-OKTABR “O’QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI” MUNOSABATI BILAN TOSHKENT MOLIYA INSTITUTI REKTORINING BAYRAM TABRIGI

Aziz ustoz va murabbiylar,

Hurmatli professor-oʻqituvchilar!
 

Bugungi kunda institutimizda yoshlarga ta’lim berib, sadoqat va fidoiylik ila faoliyat yuritayotgan barcha pedagog-xodimlarni “1-oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” bayrami munosabati bilan oʻzim va institut rahbaryati nomidan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
 

Xalqimizda «Har ishning bir ustasi bor, har ustaning bir ustozi» degan purmaʼno maqol bejizga tez-tez tilga olinmaydi. Albatta, dunyo yaralibdi-ki, azaldan odamzod bir-biriga ustoz va shogird boʻlib kelmoqda. Jamiyatning buguni va kelajagi, uning madaniy-maʼrifiy va maʼnaviy salohiyati taʼlim tizimining qay darajada rivojlanganligi bilan belgilanadi. 
 

Taʼlim-tarbiya tizimidagi isloxotlarning muvaffaqiyati koʻp jihatdan oʻqituvchi va murabbiylarga bogʻliq. Taʼkidlash joizki, inson uchun hayoti davomida odob-axloq va kasb-hunar oʻrgatadigan, yoʻl-yoʻriq koʻrsatadigan misoli bir chiroq, ustozning borligi juda ham muhim.
 

Biz bugun zamonaviy bilim va kasb-hunarlar, xorijiy tillarni puxta egallab, katta umid va ishonch bilan hayotga qadam qo`yayotgan, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo`lgan ming-minglab farzandlarimiz kamolida o`qituvchi va murabbiylarimizning beqiyos hissasi borligini yaxshi bilamiz va sizlarning bu ulug` xizmatingizni yuksak qadrlaymiz. 


Bugungi kunda institutitmizda jami 400 nafardan ortiq, shundan 40 nafar fan doktorlari (DSc), 160 nafar  fan nomzodlari (PhD) ilmiy darajaga ega professor-oʻqituvchilar faoliyat koʻrsatib kelmoqdalar. Institutda bu yil ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib oxirgi ikki yilda doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar tomonidan ilmiy daraja olish uchun dissertatsiya himoya qilganlar soni  oʻrtacha 80 nafarni tashkil etmoqda. Ilmiy saloxiyatni joriy yilning oxirigacha kamida 55 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.


Oxirgi 5 yilda institut professor-oʻqituvchilari, doktorant va mustaqil izlanuvchilari tomonidan ilmiy tadqiqot natijalari impakt-faktori yuqori xorijiy ilmiy jurnallarda 1000 dan, shu jumladan SCOPUS/Web of Science maʼlumotlar bazasiga kiritilgan jurnallarda 200 dan  ortiq maqola chop etilgan. Shuningdek, Xirsh (h-index) indeksi 5 va undan yuqori boʻlgan pedagog xodimlar soni keskin oshgan.


Biz o’ylaymizki, siz mehnatkash ustozlar bundan keyin ham bundanda yuqori pog’onalarni zabt etishlaringizga va vatanimiz ravnaqi uchun munosib shogirdlarni yetishtirib chiqarishlaringizga ishonamiz. Sizdek mehnatkash, fidoyi ustozlar borligidan biz faxrlanamiz.
 

Muhtaram ustozlar!
Aziz professor-oʻqituvchilar!

 

Fursatdan foydalanib, yana bir karra "Oʻqituvchi va murabbiylar kuni" munosabati bilan, siz azizlarni chin qalbimdan samimiy tabriklayman!
Sizlarga oilaviy baxt, tinchlik, xotirjamlik, sihatlik-salomatlik tilayman!


Toʻlqin Teshabayev,
Toshkent moliya instituti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

 

12:03 / 2021-10-01
Success helper
Success warning