17-noyabr – “Xalqaro talabalar kuni” munosabati Toshkent moliya instituti rektorining bayram tabrigi
Assalomu alaykum!
Qadrli Toshkent moliya instituti talaba-yoshlari!
Avvalo, sizlarni bugungi 17-noyabr – “Xalqaro talabalar kuni” munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.
Talabalik - umrning beg‘ubor fasli, katta hayot sari qadam qo‘yish ostonasi, ulkan orzu-umidlar davri. Hayotingizdagi mana shunday takrorlanmas davr sizga o‘zligingizni anglashga, jamiyatda o‘z o‘rningizni topishga yordam berishi bilan ham umr yo‘llaringizda o‘chmas iz qoldiradi.
Vatan ravnaqi va taraqqiyotining asosiy tayanchi - yuqori salohiyatli, ziyoli va bilimli yoshlardir. Shu boisdan, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning orzu-intilishlari, ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, iste’dodini namoyon qilishga ko‘maklashish, shuningdek, azm-u shijoatli, iqtidorli yigit-qizlarning o‘z sohasida, jamoat ishlarida erishayotgan yutuqlarini munosib rag‘batlantirishga katta ahamiyat berilmoqda.
Shu o‘rinda e’tirof etish joizki, oliygohimizda tahsil olayotgan 15 mingdan ortiq yuqori salohiyat va iqtidorga ega talaba-yoshlarimiz tahsil olmoqda. Ular orasida mahalliy, xalqaro fan olimpiadalarda, o‘z sohalarida, qolaversa, sport va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha respublika va jahon miqyosida erishayotgan yutuqlari tahsinga sazovor. Hattoki, Toshkent moliya institutining Osiyodagi top-1000 talikdan o‘rin olishida nafaqat, pedagog-xodimlarning, balki, siz aziz talabalarimning ham mehnati beqiyos ahamiyatga ega.
Siz “Uchinchi renessans” asoschilarisiz, bunga biz o‘qituvchi-professorlar, qolaversa, yurtboshimiz ishonadi. Kelgusida sizlar zamonaviy bilim va taraqqiyot cho‘qqilarini egallab, o‘z amaliy ishlaringiz, g‘ayrat-shijoatingiz, yetuk salohiyatingiz bilan jonajon vatanimizga munosib, sadoqatli farzandlar bo‘lasiz.
Barchangizni talabalar kuni bilan yana bir bor qutlab, sihat-salomatlik va muvaffaqiyat tilayman. Yurtimizga va jamiyatimizga manfaatli, har tomonlama yetuk salohiyatli kadr bo‘lishingizga tilakdoshman.